Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli Sergeli tumanida bo‘lib o‘tdi
Poytaxt aholisi murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy, shaxsiy, oilaviy turmush hayotlarida paydo bo‘lgan muammo va savollariga qonuniy javob berish maqsadida Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli Sergeli tumanida joylashgan “PDP University” binosida o‘tkazildi. Taʼkidlash joizki, IIBB rahbariyati tomonidan tumanlarda sayyor qabullarning tashkil etilishi fuqarolar uchun katta qulayliklar yaratish barobarida aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Holbuki, ular orasida yoshi ulug‘lar, bemor va yolg‘izlar ham aksariyatni tashkil etadi. Navbatdagi sayyor qabul Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisining murojaatlarini o‘rganish hamda ularga yechim topishga qaratildi. Qabul davomida o‘rganib chiqilgan murojaatlar ichki ishlar organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan murojaatlarni, xususan: tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, kadrlar masalalari bilan bog‘liq, svetofor va yo‘l belgilarini o‘rnatish kabilarni tashkil etdi. Qabulga tashrif buyurgan shaxslar uchun tegishli qulayliklar va sharoitlar yaratilgani, har bir murojaatga eʼtibor bilan yondashuv qabulning tartibli va ko‘tarinki ruhda o‘tishini taʼminladi.