5 Yanvar 2023 Yil 738

OSUDALIK ZAMIRIDA BЕDOR POSBONLAR ZAHMATI

Poytaxt aholisining xavfsizligini ta’minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tungi reydlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Ayniqsa, bayram kunlarida bu tadbirlar yanada kuchaytirilgan holatda tashkil etildi.
Toshkent shahar IIBB PPX brigadasida kechki soat 8.00da osoyishtalik posbonlari navbatdagi yig‘inga jam bo‘lishdi. Xizmatoldi yo‘riqnomasida rahbariyat tomonidan tegishli ko‘rsatmalarni olgan «Hamkor», YPX maskani, blok-post hamda to‘siq postlariga xizmatga jalb qilingan xodimlar o‘zlariga biriktirilgan hududlar tomon yo‘l olishdi.

«OG‘U» POYTAXT «DARVOZA»SIDA USHLANDI
Biz ham PPX ekipaji hamrohligida Yangihayot tumanida joylashgan «A.Turbanov» YPX maskani tomon yo‘lga tushdik. Tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar allaqachon o‘z vazifalariga kirishgan. Transport vositalarining oqimi katta. Taxminan soat 9.30lar edi. Maskandan o‘tayotgan «Jentra» rusumli avtoulov shubha ostiga olinib to‘xtatildi. Hujjatlari tekshirilayotganida, o‘zini bejo tuta boshlagan yo‘lovchi P. Sh. xodimlar tomonidan tekshirildi. Shunda P. Sh.ning kurtkasi cho‘ntagida qora sellofanga o‘ralgan o‘tkir hidli to‘q jigarrang saqichsimon giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, gumon qilinuvchi Yangihayot tumani IIOFMBga topshirildi.
Yana bir «Changan» rusumli avtoulov IIBB YHXB YPX brigadasi 5-batalon «A. Turbanov» YPX maskani inspektori, katta serjant Sardor Begmatov tomonidan to‘xtatildi. IIBB PPX brigadasi
«A. Turbanov» YPX maskani xodimlari, kichik serjant Ilyor Mirganov va Samandar Xudoynazarov avtomashina salonini tekshirayotganida, inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diradigan 4 dona o‘tkir tig‘li sovuq qurol borligi ma’lum bo‘ldi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Chilonzor tumanida joylashgan «Erkin» YPX maskani tomon yo‘l oldik. Bu paytda soat millari 10.30 larni ko‘rsatardi. Maskandan o‘tayotgan «Malibu» xodimlarda shubha uyg‘otdi. Avtoulov to‘xtatilib tekshirilganda, yo‘lovchi 1994 yilda tavallud topgan samarqandlik M.Yu.ning yonidan giyohvandlik moddasi chiqdi. IIBB EKMning xulosasiga ko‘ra, u 3,58 gramm og‘irlikdagi «marixuana» giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlandi.

KATTA MIQDORDAGI PIROTЕXNIKA
Keyingi manzilimiz Bektemir tumanidagi «Sharq» YPX maskani. Tun yarmidan o‘tgan bo‘lsa-da, xodimlar bedor turib, shahrimiz «darvozasi»ni hushyorlik bilan qo‘riqlashmoqda. YPX maskanida «Isuzu» rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatildi. Yukxonadagi 3 ta qutida jami 506 dona pirotexnika vositalari olib ketilayotganligi aniqlandi. Shuningdek, Yangihayot tumanidagi «Binokor» blok pos­tiga borganimizda, xodimlardan «Neksiya-3» avtoulovidan 144 dona «Britanik» hamda 54 dona «Zolotoy pesok» nomli pirotexnika vositalari borligi to‘g‘risida ma’lumot oldik.
Oxiri nima bilan tugashini o‘ylamagan, mo‘may daromad ilinjida bo‘lgan bu kimsalar qilmishi uchun endi qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech