27 Fevral 2023 Yil 2256

Noqonuniy diniy faoliyat javobgarlikka sabab bo‘ladi

Joriy yilning fevral oyida professional diniy maʼlumotga ega bo‘lmagan holda o‘zboshimchalik bilan shaxsiy diniy tushunchalarini boshqalarga “pul evaziga sotishni kasb” qilib olgan qator fuqarolarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Sergeli tumani IIO FMB tomonidan Toshkent shahri, Sergeli tumani, “Yangi Sergeli” mahallasida joylashgan “YASIN ACADEMY” nomli o‘quv markazida arab tilini o‘rgatish bahonasida fuqarolarga noqonuniy ravishda diniy taʼlim berish holati aniqlandi.

O‘quv markazi rahbari fuqaro A.N. arab tilini o‘qitishga tegishli ruxsatga ega bo‘lmasdan, mehnat qonunchiligiga zid ravishda hech qanday shartnoma, buyruqlarsiz o‘zaro og‘zaki kelishuv asosida fuqarolar N.Sh. va Sh.I.larni jalb qilib, 5 nafar voyaga yetmagan maktab o‘quvchilariga moddiy manfaatdorlik evaziga o‘z shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda noqonuniy diniy taʼlim bergan.

Mirobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro A.L. Telegram messenjerida “Tanishlarim” nomli virtual guruh tashkil qilib, hech qanday diniy bilimga ega bo‘lmay turib, 3 nafar fuqarolarga moddiy manfaatdorlik evaziga onlayn tarzda noqonuniy diniy taʼlim berib kelganligi aniqlangan.

Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, “Bo‘ston” mahallasida ijarada yashovchi fuqaro K.K. va uning turmush o‘rtog‘i X.M.lar yashash manzilida moddiy manfaatdorlik evaziga 4 nafar voyaga yetmagan shaxslarga noqonuniy diniy taʼlim berganligi aniqlangan.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga binoan, diniy taʼlim muassasalaridan tashqarida diniy taʼlim faoliyati bilan shug‘ullanish qonunga xilof diniy faoliyat hisoblanadi hamda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shu munosabat bilan, tegishli sud idoralari tomonidan ushbu shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berildi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga (“Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish”) muvofiq, fuqarolar A.N.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida, Sh.I., K.K. va X.M.ga – 5 barobar, N.Sh.ga – 3 barobar, A.L.ga – 1 barobar miqdorda jarima jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 229-2-moddasiga (“Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish”) asosan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shunday ekan, mamlakatimizda amal qilayotgan qonunchilik hujjatlarini hurmat qilgan holda, ularga itoatkor bo‘lishga chaqiramiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech