Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” shiori ostida “Namunali oila” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi
Unda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi markaziy apparati va hududiy bo‘limlari xodimlarining 10 nafar oila a’zolari ishtirok etdi. Natijalar hay'at a’zolari tomonidan baholandi. Tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar “Tanishtirish”, “Bu mening oilam”, “Biz kitobxon oilamiz” kabi uchta yo‘nalish bo‘yicha bellashishlari kerak edi.
Dastlabki bosqichda tanlov ishtirokchilari oila tarixi, kundalik hayot, oilaviy bayramlar, tabiatga sayohat, milliy raqs, sheʼr, qoʼshiq, xalq oʼyinlari va boshqa ijrochilik mahoratlari orqali sogʼlom, namunali oilani, erishgan yutuqlarini namoyish etishdi. Ikkinchi bosqichda esa ishtirokchi oilalar 10 ta fotosuratdan iborat elektron oilaviy fotoalbom hamda oʼzlarining jamiyatda tutgan oʼrni, kasbi, sevimli mashgʼuloti, oʼzaro oilaviy munosabatlar, oiladagi anʼana va qadriyatlarni aks ettiruvchi 3 – 5 daqiqalik videoroliklarni tomoshabinlar va hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etdilar. Uchinchi nominatsiyada tanlov ishtirokchilari oʼzbek va jahon adabiyotiga hissa qoʼshgan buyuk mutafakkir va adiblar qalamiga mansub kitoblarning mazmun-mohiyati, gʼoyasi va ahamiyati boʼyicha bilet savollariga javob berishdi.
Ko'rik tanlov yakunida ishtirokchi oilalar sahnaga taklif qilindi. Hakamlar hay’ati o‘z baholarini e’lon qildi: birinchi o‘rin Yunusobod tumani IIO FMB 1-sonli IIB profilaktika katta inspektori, mayor Ulug‘bek Otajonovning oilasiga; Ikkinchi o’rin uchun poytaxt IIB YHXB 4-mobil guruhi inspektori, katta serjant Sarvar O‘roqov va Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB jamoat tartibini saqlash boshqarmasi PPX otryadi haydovchisi, safdor Baxtiyor Qosimov oilalari shiddatli kurash olib borishdi. Uchinchi o‘rin Olmazor tumani IIO FMB Voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi katta inspektor-psixologi, kapitan Samariddin Salimov va Uchtepa tumani IIO FMB 2-sonli Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori, kapitan Farrux Hoshimov oila a’zolariga nasib etdi.
Tantanali ruhda o’tgan tadbir yakunida g‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.