31 Avgust 2025 Yil 1073

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning Mustaqillik ayyomi munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari, hamkasblar, ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yaqin qarindoshlari!

Sizlarni Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi va o‘z nomimdan eng buyuk, eng aziz bayramimiz bo‘lgan Mustaqilligimizning 34 yillik ayyomi bilan samimiy muborakbod etaman.

Mustaqillik — xalqimizning asriy orzusi, buyuk tarixiy yutug‘i. Bu yutuq yurtimizning erkinligi, ravnaqi va xalqimizning baxtli hayotini taʼminlash yo‘lidagi katta qadamlar bilan bog‘liqdir.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu yilgi ayyomimiz “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi asosida nishonlanayotgani bejiz emas. Zero, bu yurtning har bir fuqarosi o‘z hayotini mana shu Vatan bilan bog‘laydi, millati va xalqi uchun sadoqat bilan xizmat qilishni sharaf deb biladi. Buni erishayotgan yutuqlarimizda, jahon arenalarida baralla xilpirayotgan bayrog‘imizda, ko‘zimizda quvonch yoshi ila kuylayotgan madhiyamizda, ertangi kunimiz bo‘lgan farzandlarimizning ishonchli nigohlarida ko‘rishimiz mumkin.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, taraqqiyot va yangilanishlar mustaqillikning naqadar bebaho neʼmat ekanini yana-da chuqur anglab yetishimizga yordam bermoqda. Biz barchamiz birgalikda bugungi va kelajak avlodlar uchun buyuk ishlarga qodir ekanimizni isbotlab kelyapmiz.

Siz azizlarga mustahkam sog‘liq, dasturxoningizga qut va baraka, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, yurt taraqqiyoti yo‘lidagi ishlaringizga omad va muvaffaqiyatlar tilayman.

Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch va osoyishta bo‘lsin!

Hurmat bilan,
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i
polkovnik Ravshan Sultanxodjayev

Barcha yangiliklar

Text to speech