Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi “Millat fidoyilari” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev maʼruza qildi. U o‘z nutqida, tarixini yodda tutmaydigan, muhim hayotiy haqiqatlarning mazmun-mohiyati hamda maʼnosini anglay olmaydigan xalqning kelajagi yo‘qligini, shuningdek Vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarning bukilmas irodasi va matonatiga ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun muqaddasligini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Navbatdagi maʼruza “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarning ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining vakili yuridik fanlari doktori, professor Axror Xudoyberdiyev yoritib berdi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilarga “Abdumalik Xalokov – olimpiada chempioni” nomli videorolik hamda “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi.
Tadbir yakunida “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik-tanlovida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bir guruh xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.