Maxsus kurs ishtirokchilarining yana bir kuni samarali o‘tdi
Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi qoshida tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslari o‘z ishini davom ettirmoqda. Kursning navbatdagi malaka oshirish tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish monomarkazida o‘tkazildi.
Monomarkazning asosiy vazifasi – band bo‘lmagan aholini servis va xizmat ko‘rsatish, texnika, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalari, raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamda ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan boshqa kasblarga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirishdir. O‘smirlar turli xil kasblar tayyorlash kurslarining o‘quv dasturlari bilan tanishdilar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha ma'lumot oldilar.
Shundan so‘ng ular "Temuriylar tarixi" davlat muzeyiga yo‘l olishdi. Muzey mas'ullari ularga Sohibqiron Amir Temur hayoti va tarixiy voqealar haqida so‘zlab berishdi.
O‘tkazilgan tadbirlar o‘smirlarlarning nafaqat dunyoqarashini, balki amaliy ko‘nikmalarini ham oshirishga xizmat qildi.