7 Iyun 2023 Yil 688

Poytaxt tumanlarida “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

Bugungi kunda kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez surʼatlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy taʼsir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bu kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida profilaktik targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, yaqinda poytaxt IIBB TQX TQKB, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita masʼul xodimlari bilan hamkorligida Uchtepa va Olmazor tumanlarida keng jamoatchilik, yoshlar, turli mehnat jamoalari o‘rtasida diniy muhitni sog‘lomlashtirish, yosh avlodni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va har-xil maʼnaviy tahdidlardan asrash maqsadida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirlar davomida fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda aqidaparastlik g‘oyalari taʼsiriga tushib qolmaslik yuzasidan zarur maslahatlar berildi. Shuningdek, mutaxassislar so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy yo‘nalishda izchil islohotlar amalga oshirilishiga qaramasdan, yoshlarimiz orasida turli yo‘llar bilan g‘araz niyatli kimsalarning domiga tushib qolayotganlar hamon uchrab turganligini afsus bilan tilga olishdi.

Qolaversa, notiqlar ertangi kunimiz egalarini ilm olishga, kitob o‘qishga targ‘ib qilish orqali ularni bu illatdan asrash eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini taʼkidlashdi.

Uchrashuvlarda ishtirok etganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

Hozirda bu kabi targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech