Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida yangilanayotgan Konstitutsiyaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida “Konstitutsiyamiz – kelajagimiz garovi” mavzuida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt IIBB hamda tarkibiy tuzilmalar, boshqarmalar rahbariyati, shaxsiy tarkibi, Ichki ishlar tizimida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylar, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida o‘z aksini topayotgan muhim normalarga to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yilayotganiga e’tibor qaratildi. Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari ko‘zlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik kabi muhim qadriyatlar mujassam bo‘lib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlanayotganini aytib o‘tildi.
Shuningdek, tadbirda faxriylar so‘zga chiqib, mustaqil O‘zbekiston ichki ishlar organlarining tashkil topgan yillari, bugungi kunda tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Tadbirda mamlakatimizning har bir fuqarosi referendumga befarq qolmasligi, o‘z kelajagini barpo etishda faol ishtirok etishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Ichki ishlar bosh boshqarmasi TVBSB hodimlari hamda PPX brigadasi otliq otryadining ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlar birdek ma’qul bo‘ldi. Shuningdek tadbirda o’zbek estrada yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.