Toshkent shahar IIBB XPB tashabbusi bilan jazoni ijro etish muassasasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qarashli 21-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o’z jazo muddatini o‘tayotgan xotin-qizlar uchun 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbirda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar masalalari boshqarmasi boshlig‘i N.Umarova, Ma’naviyat-ma’rifiy markaz ekspert-maslahatchisi D.Shermuhamedova, shuningdek, Toshkent shahar “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” markazi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda kasbiy tayyorgarlik kurslarini tamomlagan xotin-qizlarga Toshkent shahridagi “Ayollar tadbirkorlik markazi” vakillari tomonidan sertifikatlar topshirildi. Tadbir Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturiga ulanib ketdi. Tadbir davomi sifatida xotin-qizlar bilan yaqindan tanishish, ularning dardini tinglash, muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.