Davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlarning jamiyatdagi nufuzi va rolini yana-da oshirish, ularning kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh avlod muammolarini o‘rganish va bu borada amaliy yordam ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Toshkent shahar IIBB ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida 51 nafar ijtimoiy-huquqiy jihatdan yordamga muhtoj voyaga yetmagan bolalarga qiziqish va qobiliyatlarini hisobga olgan holda bir oylik o‘quv kurslari tashkil etildi.
Bir oylik o‘quv kurslarining ochilish marosimida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov, hamkor tashkilot vakillari, bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Bosh boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib taʼlim-tarbiya olishi, turli sohalarda o‘zini namoyon qilishi uchun shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Tadbirda ishtirokchilarga bir oy muddatda yoshlar mehnat bozorida xaridorgir bo‘lgan mutaxassisliklarni puxta egallashlari bo‘yicha maʼlumot berildi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini ommalashtirish, o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, isteʼdodlarini yuzaga chiqarish, qobiliyat va tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida intellektual o‘yin hamda sport musobaqalari o‘tkaziladi. Rejada madaniy tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.
Bu kabi ishlar yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochadi, ko‘zlagan maqsadlariga yetishlarida kuchli rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.