Shu kunlarda Vatanimizning barcha shahar va qishloqlarida xalqimizning sevimli bayrami Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Doimiy an’anaga ko‘ra, Navro‘z bayrami tantanalari kunlarida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bahor fasli kirib kelishi keng nishonlandi.
PPX brigadasi hududida ichki ishlar organlari saflarida xizmat qilayotgan ayollar ushbu bayram tadbirida o‘zlarining milliy urf-odatlari, taomlari va ijodini namoyish etdilar. An’anaga ko‘ra, dastur doirasida milliy taomlar: ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, turli shirinliklar bilan bezatilgan eng yaxshi bayram dasturxoni tanlovi o‘tkazildi. Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi orkestri san’atkorlarining chiqishlari bayramona muhitni yanada to‘ldirdi.
Hakamlar hay'ati a'zolariga ham oson bo’lmadi, sababi barcha jamoalar topshiriqni a'lo darajada bajarishdi va eng yaxshisini tanlash juda qiyin bo'lib chiqdi.
Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng birinchi o‘rin Yangixayot tumani IIOFMB jamoasiga, ikkinchi o‘rin IIBB JTSB jamoasiga va uchinchi o‘rin Uchtepa tumani IIOFMB jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, Navro‘z bayrami doirasida Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida voleybol, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Voleybol musobaqasi yakunlariga ko‘ra 1-o‘rinni IIBB markaziy apparati jamoasi, 2-o‘rinni Yakkasaroy tumani IIOFMB va 3-o‘rinni Sergeli tumani IIOFMB jamoasi egalladi.
Shaxmat va shashka bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda xodimlar qiziqarli o‘yinlar namoyish etishdi. O'tkazilgan o'yinlar natijalariga ko'ra eng yaxshi shaxmatchilar aniqlandi. Ular, Yakkasaroy tumani IIOFMB xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi katta inspektori, podpolkovnik E.Qodirova, Shayxontohur tumani IIOFMB voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi inspektori-psixologi, katta leytenant L.Tojiyeva, Yakkasaroy tumani IIOFMB tergov bo’limi katta tergovchisi, podpolkovnik Sh.Mirkarimova.
Shuningdek, hakamlar tomonidan eng yaxshi uch nafar shashkachilar ham e’lon qilindi. Ular: Yunusobod tumani IIOFMB xodimi, kapitan N.Janiyeva, Sergeli tumani IIOFMB xodimi, leytenanti M. Qalandarova va Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB xodimi, mayor K. Narmanovalar.
Bellashuv g‘olib va sovrindorlari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.