Toshkent shahar IIBBda o‘tkazilgan “Eng vatanparvar yosh xodim” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari yosh xodimlarining kasb mahorati, bilim saviyasi va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida “Eng vatanparvar yosh xodim” nominatsiyasi bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.
Tanlov 4 bosqichda o‘tkazildi. Ishtirokchilar Makarov to‘pponchasidan o‘q otish bo‘yicha musobaqalarda qatnashdi. Ikkinchi bosqichda xodimlar xizmat qurollarini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari test sinovlaridan o‘tib, qo‘l jangi bo‘yicha bellashdilar.
Barcha sinovlar natijalariga ko‘ra Yakkasaroy tumani IIOFMB 3-sonli IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Hoshimxo‘ja Usmonov g‘olib deb topildi. Uchtepa tumani IIOFMB kadrlar bilan ta’minlash guruhi katta inspektor-metodisti, kapitan Rasul Eraliev ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Sergeli tumani IIOFMB YHXB kadrlar bilan ta’minlash guruhi katta inspektor-metodisti, leytenant Rustamxon Hamdamovga nasib etdi.
Tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.