28 Fevral 2023 Yil 15505

“E-nomzod” yopiq axborot tizimi taqdimotiga bag‘ishlangin brifing

Bugun, 28 fevral kuni Toshkent shahar IIBBda “E-nomzod” yopiq axborot tizimi hamda xizmatga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirishga oid dastur taqdimotiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Brifingda Toshkent shahar iibb boshlig‘ining o‘rinbosari Choriyev Aliaxmed, Bosh boshqarma Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Adilov Akmal va “Smart Base” MCHJ direktori ishtirok etdi.

Brifingda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi PQ–10-son “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida «E-nomzod» yopiq axborot tizimini yaratish, xizmatga qabul qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish vazifalari belgilab berilgan edi.

Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan sinov tariqasida «E-nomzod» yopiq axborot tizimi ishga tushirildi, mazkur tizim hozirda test rejimida ishlamoqda. Endilikda Toshkent shaharIIBB va uning quyi tuzilmalariga xizmatga qabul qilishda nomzodlarni tanlashning adolatli va shaffofligi taʼminlanadi. O‘rnatilgan tartiblar tubdan soddalashtirilib, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Ichki ishlar organlari xizmatiga kirish istagini bildirgan fuqaro (nomzod) dasturga Google xrom brauzeri orqali “E-nomzod.iibb.uz” havolasi yoki “Toshkent shahar IIBB.uz” sayti orqali kirib o‘zining nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazish keyinchalik tanlov natijalari bilan tanishib borish uchun ro‘yxatdan o‘tish shartlariga roziligini bildirgan holda savollarga javob berib boradi 

Nomzod dastur orqali berilgan anketa savollarga ketma-ket javob berish yo‘li bilan masofadan (online) ro‘yxatdan o‘tadi:

nomzod maʼlumoti, mutaxassisligi, harbiy xizmatga munosabati, bo‘yi, mehnat faoliyati, yaqin qarindoshlari va boshqa maʼlumotlari to‘g‘risidagi savollarga javob beradi;

nomzodni dastlabki o‘rganish davomida belgilangan umumiy talablarga muvofiqligi aniqlanadi;

nomzodga rejalashtirilgan har bir sinov bosqichlari vaqtlari va joyi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi;

fuqarolar nomzod sifatida ro‘yxatga olingan vaqtda sinovlardagi natijalari qayd etilgan maʼlumotlar bazasi bilan tanishib borishi uchun shaxsiy sahifalar ochiladi;

fuqaroning birlamchi anketa maʼlumotlari (maʼlumoti, qachon qaysi taʼlim muassasasini tamomlaganligi, imtiyozlari, sport natijalari, harbiy xizmatga munosabati, sudlanganligi va boshqa, diplom, pasport, harbiy bilet raqami va yaroqliligi), pasport nusxasi hamda muntazam foydalanuvida bo‘lgan uyali telefon raqamini kiritish orqali (oferta shartlari asosida) ro‘yxatga olinadi.

Nomzodning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilib boriladi, belgilangan muddatda (14 kunda) tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan nomzodlar ro‘yxatdan chiqarib yuborilishi to‘g‘risida ogohlantiriladi (barcha jarayonda mehnat qonunchiligiga muvofiq ish kunlari hisobga olinadi).

Dasturning qulayliklari:

- nomzodlarni ro‘yxatga olishdagi uzundan-uzun navbatlarga barham beriladi;

- ortiqcha ovoragarchiliklar oldini olinadi;

- vaqt tejaladi;

- erkin ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi;

- elektron navbat joriy etiladi;

- avtomatlashtirilgan tarzda qisqa vaqt ichida sinov vaqtlari to‘g‘risida xabardor qilish imkoniyati yaratiladi;

- nomzodlarga sinov natijalari qisqa vaqtda maʼlum qilinadi va elektron kuzatib borish mumkin bo‘ladi;

- bo‘sh lavozimlardan kelib chiqib zaruriy mutaxassislikka ega nomzodlarni avtomatik tahlil qilish va tanlash imkoniyatini beradi; 

- xizmatga qabul qilingan nomzodlar kelgusi faoliyatini reyting nazorat qilish, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishini va xizmatning oxiriga qadar tizimli va uzluksiz tashkil etish yo‘li bilan ularning samaradorligi hamda taʼsirchanligini oshirish uchun dastlabki maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini beradi;

- xizmatga qabul qilishdagi korrupsion omillar va unga imkon beruvchi shart-sharoitlar keskin kamayadi.

Xizmatga qabul qilingan nomzodlar (boshlang‘ich tayyorgarlikka yuborilgan so‘ng) ro‘yxatdan avtomatik tarzda chiqarilib, maʼlumotlar “E-kadr” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech