Giyohvandlik vositalarini targ‘ib qiluvchi narkograffitilar chizish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
Yangihayot tumani IIO FMB tomonidan olingan xabarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va sotish faktlariga chek qo‘yishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davomida 27 yoshli Doniyor T. Yangihayot tumani Sergeli-1 dahasida joylashgan ko‘p qavatli uylar devorlariga giyohvandlik vositalarini sotuvchi do‘konlarni targ‘ib qiluvchi narkograffitilarni chizayotgan vaqtida ushlangan hamda undan trafaret va bo‘yoq qutisi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Surishtiruv ishlari davomida Doniyor T. internetdan kelib tushgan takliflarga ko‘ra, pul evaziga narkograffiti bilan shug‘ullanganini tan oldi. Shuningdek, Yangixayot tumanida yana bir narkograffiti chizish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs tuman IIO FMB xodimlari tomonidan ushlandi. Surishtiruv jarayonida ma'lum bo‘lishicha, 25 yoshli Temur A. pul evaziga devorlarga narkograffiti chizgan. Yigitdan xolislar ishtirokida trafaret va bo‘yoq idishi olib qo‘yildi.
Giyohvandlik vositalarini sotuvchi do‘konlarni targ‘ib qiluvchi narkograffitilarni chizish bilan bog‘liq yana bir holat Mirobod tumanida aniqlandi. Tuman IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko‘ra o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida, 22 yoshli Visola N. narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar reklamasi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda Visola N.ning yonidan 325 dona narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar reklamasining flaerlari va bir dona bo‘yoq purkagich aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra qonuniy qarorlar qabul qilinadi.
Hurmatli fuqarolar, agar ushbu shaxslarning yuqoridagi kabi xatti-xarakatiga guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz, 71-233-71-47, 71-233-49-46, 71-206-42-54 yoki 102 raqamlariga xabar berishingizni so‘raymiz.