30 dona giyohvandlik vositalari tarqalishining oldi olindi
“Biz giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida olib borilayotgan “Dolzarb 15 kunlik” tezkor-profilaktik tadbir davomida Mirzo Ulug‘bek tumanida giyohvandlik vositalari bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi. Xususan, tuman IIO FMB xodimlari tomonidan o‘zini shubhali tutgan 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro J.A. to‘xtatilib xolislar ishtirokida tekshirilganda uning yonidan 13 dona o‘ramdagi sintetik giyohvandlik vositalari aniqlandi. Surishtiruv davomida J.A. giyohvandlik vositalarini yashirish orqali tarqatish (zakladka) bilan shug‘ullangani hamda Mirzo Ulug‘bek tumani “Katta oltin tepa” va «Podshobog‘» mahallalarining turli joylariga jami 17 dona o‘ramdagi giyohvandlik moddasini berkitgani maʼlum bo‘ldi. Barcha moddalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. IIO xodimlari tomonidan 30 dona o‘ramdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasiga asosan jinoyat deb malakalanadi. Bunday harakatni sodir etgan shaxs 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Hurmatli fuqarolar! Agar siz muqaddam ushbu shaxs o‘zini shubhali tutib, biror narsani yashirayotganligini guvohi bo‘lgan bo‘lsangiz, 71 233-71-47, 71 233-49-46, 71 206-42-54 yoki 102 raqami orqali xabar berishingizni so‘raymiz.