“Dolzarb 15 kunlik” profilaktik tadbirlar doirasida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida
“Dolzarb 15 kunlik” profilaktik tadbir davomida poytaxt IIBB xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalarni poytaxt hududiga olib kirish, saqlash va sotish holatlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Jumladan kuni kecha Mirobod tumani Avliyo ota ko‘chasida o‘tkazilgan tadbir davomida tezkor xodimlar yo‘l chetida to‘xtab turgan “Malibu” rusumli avtomashina hamda uning haydovchisini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishganda haydovchidan o‘tkir hidli, oq rangli kukunsimon modda aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va Mirobod tumani 3-sonli IIBga topshirilgan.
Yana bir holatda, Said Baraka ko‘chasida o‘z xizmat vazifasini olib borayotgan PPX xodimlari, safdorlar U. Kadjarov, B. isroilov va A. Mamajonovlar o‘zini shubhali tutib, besaranjom harakatlari va tez-tez atrofga qarayotgan erkakni payqab qolishgan. Dmitriy T. ismli fuqaro xolislar ishtirokida tekshirilganda uning yonidan o‘tkir hidli, jigarrang modda topilgan. Mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan tegishli hujjatlar Mirobod tumani 2-sonli IIBga topshirilgan.
Shuningdek, joriy yilning 6-aprel kuni IIBB PPX xodimlari tomonidan KXAY ko‘chasida to‘xtab turgan “Jentra” rusumli avtomashina tekshiruvdan o‘tkazildi. Xolislar ishtirokida tekshirish chog‘ida avtomobil salonidan pnevmatik qurol va giyohvandlik moddasi topilgan. Mazkur xolat yuzasidan ham tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro Mirobod tumani IIOFMBga topshirilgan.