So‘nggi paytlarda ko‘p uchrayotgan jinoyat turlaridan biri giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq bo‘lib, poytaxt hududida joriy yilning 3 oyi davomida 571 ta jinoyat aniqlangan. Ulardan 374 tasi yoki 65,5 foizi internet tarmog‘i bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
Giyohvand shaxslarning talabi aynan internet tarmog‘idagi do‘konlar yordamida qondirilib, “sotuvchi” va “xaridor” o‘rtasidagi oldi-sotdi mexanizmi jinoyatchilar tomonidan “xavfsiz” usulda shakllantirilgan. Telegram ilovasi orqali taqiqlangan tovar yoki xizmatlarni anonim tarzda, moddiy manfaat evaziga sotish va “isteʼmolchi” tomonidan “oson yo‘l” bilan sotib olish imkoniyati yaratilganligi hech kimga sir emas. Bu kabi taqiqlangan guruhlarning internet manzillarini tarqatish maqsadida, shahrimizdagi bino devorlariga yoki boshqa ustunlarga chizib ketish holatlari (“narkograffiti”) ham ko‘payganligini inkor etib bo‘lmaydi. Xususan, poytaxtimizda yil boshidan buyon 810 ta “narkograffiti”lar aniqlangan bo‘lib, ularning reklamasini o‘chirtirish choralari ko‘rilgan. Shuningdek, 40 nafardan ortiq “narkograffiti” bilan shug‘ullanuvchi shaxslar aniqlanib, javobgarlikka tortilgan.
Ayniqsa, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining savdosi ko‘payganligi, ularning taʼsiridagi shaxslar boshqa jinoyatlarga qo‘l urayotganligi bu mavzuga jiddiy yondashishni talab qiladi. O‘rganishlar jarayonida bu moddalar xorijiy davlatlardan kirib kelayotganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi internet do‘konlarining onlayn manzillarini nafaqat devorlarga “narkograffiti” usulida chizib ketish, balki QR kodli flayerlar tarzida tarqatish holatlari ham kuzatilmoqda. Agar yaqinlaringiz yoki farzandlaringizda shu kabi QR kodli flayerlarni aniqlasangiz befarq bo‘lmang, ularni giyohvandlikka ruju qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang!
Giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosiga qarshi murosasiz kurashish maqsadida, Toshkent shahar IIBB tomonidan “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida “Dolzarb 15 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida tuzilgan maxsus ishchi guruh faoliyati 24 soat davomida amalga oshiriladi.
Hurmatli OAV vakillari, blogerlar va jamoatchilik faollari, Sizlardan “Dolzarb 15 kunlik” tadbirida ishtirok etishingizni, giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosiga qarshi murosasiz kurashishda o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘raymiz.
Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Giyohvandlik vositalarini yashirish (“zakladka”) yo‘li bilan tarqatilishi holatlariga guvoh bo‘lsangiz, “narkograffiti” bilan shug‘ullanayotgan, taqiqlangan internet do‘konlarining manzili aks etgan flayerlarni tayyorlayotgan va tarqatayotgan shaxslar haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz darhol 71-233-71-47, 71-233-49-46, 71-206-42-54 yoki 102 raqamiga yoxud profilaktika inspektori yoki yaqin oradagi IIBga murojaat qilishingizni so‘raymiz.