Toshkent shahar IIBB mas'ul xodimlari tomonidan oliy va o‘rta-maxsus ta'lim muassasalarida, turli tashkilot va muassasalarda “Biz kiberjinoyatchilikka qarshimiz!” shiori ostida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan, yaqinda Toshkent pediatriya instituti, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti, Toshkent politex universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti, I. Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetlarida kibertahdidlardan himoyalanish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Sir emaski, so‘nggi yillarda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda xalqqa xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lami oshib bormoqda. Ammo, mazkur qulayliklar bilan bir qatorda, yangi qonunbuzarlik turi, ya'ni, kiberjinoyatchilik yuzaga keldi.
Unga ko‘ra, jinoyatchilar tomonidan fuqarolarning bank plastik kartalaridan ularning ruxsatisiz pul yechib olish, turli yolg‘on xabarlar tarqatish orqali odamlar orasida xavotirni yuzaga keltirish kabi holatlarning bot-bot uchrayotgani fikrimiz tasdig‘idir.
Shu boisdan, bunday qonunbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashish va aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Joylarda o‘tkazilgan tadbirlarda ham mutaxassislar tomonidan ayni shu masalalarga alohida e'tibor qaratilib, ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytarildi.