25 Oktyabr 2025 Yil 609

Tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida sharafli xizmatni olib borayotgan ichki ishlar xodimlarining 34-yillik shonli yoʻli — vijdon, sadoqat va jasorat bilan bezangan tarix

Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda barqarorlik muhitini saqlash — bu ulugʻ va masʼuliyatli vazifadir. Ana shu sharafli burchni har kuni vijdonan bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlari bugun oʻz kasb bayramlarini nishonlamoqdalar.

25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda vazirlik rahbariyati va shaxsiy tarkibi, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, idora va jamoat tashkilotlari masʼullari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.

Tantana avvalida davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan yoʻllagan tabrigi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan oʻqib eshittirildi. Prezidentimiz oʻz tabrigida ichki ishlar organlari xodimlarining xalq osoyishtaligini taʼminlash, mahallalarda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi xizmatlarini alohida eʼtirof etdi.

Ichki ishlar vaziri oʻz nutqida yurtboshimiz tomonidan sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga toʻxtalib, tizimni raqamlashtirish, xodimlar mehnatini yengillashtirish, zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlash hamda ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tizim xodimlari uchun katta sharaf ekanini taʼkidladi.

Yaqinda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan, soha vakillarining bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bayram tadbiri davomida ana shu mukofotlar sohibi boʻlgan xodimlarga orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Taqdirlangan xodimlar Vatan va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, halollik va pok vijdonni eng oliy qadriyat sifatida asrashga qasam ichdilar.

Tadbirda soʻzga chiqqan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻz nutqida xizmat burchini vijdonan bajarayotgan, mardonavor faoliyat olib borayotgan xodimlarning mehnatini yuqori baholadi.

Tadbirda, xizmat davomida halok boʻlgan xodimlarning xotirasi yod etildi, ularning oilalariga chuqur hurmat va minnatdorlik bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, huquq-tartibot, mudofaa va xavfsizlik idoralari, jamoat birlashmalari va vazirliklar vakillari ham bayram tabriklari bilan chiqish qilib, ichki ishlar organlari xodimlariga minnatdorlik bildirdi va bir guruh fidoiy xodimlarni idoraviy koʻkrak nishonlari bilan taqdirladi.

Bayram tadbirlari mamlakatimiz boʻylab barcha hududiy boʻlinmalarda ham davom etmoqda. Bu nafaqat kasb bayrami, balki Vatan osoyishtaligi yoʻlida fidokorona xizmat qilayotgan har bir xodimning mehnatini eʼtirof etish bayramidir.

Barcha yangiliklar

Text to speech