Joriy yilning 29 fevral kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘iga biriktirilgan yoshlar bilan ishlaydigan masʼullar bilan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov, Yoshlar ishlari agentligi, Mehnat migratsiyasi Agentligi, Toshkent shahar monomarkaz boshliqlari, IIBB va barcha tuman IIO FMB rahbariyati va boshqa masʼullar ishtirok etdi. Uchrashuvda Toshkent shahridagi 3-sektor rahbariyatiga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash mexanizmining o‘ziga xos jihatlari muhokama qilindi.
Maʼlumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilgan. 3-sektordagi yoshlarga Ichki ishlar vazirligi masʼul etib belgilangan.
Tadbirda so‘zga chiqqan Aziz Tashpulatov mazkur yo‘nalishda bir qator ishlar olib borilayotganligini, lekin natijaga erishish uchun barcha tashkilotlar hamkorlik qilishi lozimligini taʼkidladi. Jumladan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida ichki ishlar organlari xodimlari bilan bir qatorda hamkor tashkilotlar - Respublika Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, “Ishga marhamat” monomarkazining mahalla yettiligi bilan birga ishlash mexanizmi yaratilishi kerak. Zero, mahalla yettiligi, ayniqsa hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi yosh o‘g‘il-qizlarning eng yaqin hamkori va ishonchli vakillaridir. Ularning ko‘magida har bir yosh alohida o‘rganiladi, qiziqishlariga individual yondashiladi.
Toshkent shahridagi 3-sektorda istiqomat qiluvchi yoshlarning balansi shakllantirilib, 7 toifaga ajratildi. Bu toifadagi yoshlarga boshqarma va bo‘limlarning rahbarlari masʼul etib biriktirildi. Har bir yoshning muammosi xonadonma-xonadon yurib o‘rganiladi, hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun nafaqat uning, balki oila aʼzolarining ham muammosini hal etish choralari ko‘riladi. Masʼul rahbar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga, talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini taʼminlashga, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashadi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan tashkilot rahbarlari o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib amalga oshiradigan ish rejasi va tadbirlari, joriy etilayotgan yangi tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdilar.
Yig‘ilish so‘ngida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan masʼullarga ko‘rsatma va zarur topshiriqlar berildi.