“1-oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasida keng nishonlandi
Har yili 1-oktyabr kuni mamlakatimizda ulug‘ kasb egalari — ustoz va murabbiylar sharaflanadi. Mazkur sana munosabati bilan Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasida ham bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda sohada ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan faxriy murabbiylar hamda boshqarma xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir dasturi faxriylarning boshqarma muzeyiga tashrifi bilan boshlandi. Ular bu yerda qo‘riqlash tizimining shakllanishi, yutuqlari va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishib, o‘z xotiralarini yangilashdi. Shuningdek, faxriylar Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasining zamonaviy monitoring markaziga tashrif buyurib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilgan texnologiyalar va innovatsion yechimlarni ko‘zdan kechirdilar.
Bayramning tantanali qismida Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i so‘zga chiqib, barcha o‘qituvchi va murabbiylarni samimiy tabrikladi. Ustoz va murabbiylarning yoshlarga berayotgan saboqlari, xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida Qo‘riqlash departamenti ashula va raqs ansambli tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Bayramona kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yakunda faxriy murabbiylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tadbir nafaqat ustoz va murabbiylarga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtirom ifodasi, balki ularning yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasiga bildirilgan minnatdorlik ramzi bo‘ldi.