17 Dekabr 2024 Yil 333

“Sal shoshqaloqlik qilibsan, student”

Aslida hamma narsa niyatga bogʻliq. Yaxshi niyat qilsang, ishing oʻz-oʻzidan baroridan kelaveradi, yomon niyat boʻladigan ishni ham orqaga tortaveradi. Farruh poytaxt oliygohlaridan birida hisobchi boʻlib ishlaydi. Millionlab pullarni u qogʻozdan bu qogʻozga, u choʻntakdan bu choʻntakka oʻtkazadi. Qoʻlidan millionlab pullar oʻtgani bilan ular oʻziniki emas. Baʼzan bu raqamlarga qarab chuqur oʻyga toladi. Ichida nimadir gʻimirlaydi. Shunday paytlarda oʻzini arang toʻxtatib, shaytonga “hay” beradi. Biroq bu oʻz nafsi bilan kurashi qachongacha uning gʻalabasi bilan tugaydi oʻzi ham bilmaydi. Afsuslar boʻlsinki, oʻsha nafsi gʻolib boʻlgan kun ham keldi. Kunlardan bir kun, yaʼni 2021-yilning noyabr oyida talaba R.Temurning plastik kartasidan 2021-2022 oʻquv yili uchun deb avval 2.500.000 soʻm, dekabr oyida esa 6.000.000 soʻm pulini olib oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.
– Tergov jarayonida Farruh: “Temurdan bu pullarni qarzga olgan edim. Temurning shartnoma pulini toʻlash uchun ota-onamdan pul olgani qishloqqa ketgandim. Afsuski, men qishloqdan qaytgunimcha Temur shoshqaloqlik bilan ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilibdi. Berardim oʻsha pulini”, deydi oʻz koʻrsatmasida. Tabiiyki, qoʻngʻiroqlarga javob bermagan, bir necha bor Farruhni yashash joyidan topa olmagan Temur ariza yozgan, ichki ishlar organlari xodimlari uni qidiruvga berishgan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, leytenant Ahror Sharipov. – Turli yolgʻon bilan u tergovni chalgʻitishga urindi. Jazodan qochish, uni yengillatish uchun har xil bahonalar keltirdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1983-yilda tugʻilgan, uch farzandning otasi boʻlmish R. Farruhning qilmishini koʻrib chiqdi. Uning aybiga toʻliq iqrorligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, qilmishidan pushaymonligi, unga nisbatan jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligi sud tomonidan inobatga olindi. Tayinlanadigan jazoning sudlanuvchini qayta tarbiyalanishiga va oilasining yashash sharoitiga taʼsiri hamda jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlarini inobatga olib, sud unga nisbatan axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlashni maqsadga muvofiq deb hisobladi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandida (“Firibgarlik”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech