TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

So‘nggi yillarda poytaxtimizda ulkan o‘zgarishlar yuz bergani ta’kidlandi. O‘tgan to‘qqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi. Shaharda tijorat maydonlari 14 karra ko‘payib, 67 million kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi. Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va ko‘ngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 3 mingdan oshdi. “Shahar piyodalar uchun” tamoyili asosida mahalla va ko‘chalarda ijobiy o‘zgarishlarni odamlar kundalik hayotida sezayotganini o‘zlari aytmoqda. Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi. Uy-joylar qurish ko‘lami ham keskin oshdi. Avvallari Toshkentda yiliga ko‘pi bilan 2-2,5 ming xonadon qurilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 15,5 mingdan oshdi. So‘nggi uch yilda 3,5 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, poytaxt aholisi va tadbirkorlarning elektr ta’minotini yaxshilash boshlandi. Kelasi yili ham bu maqsadlarga yana 1,5 trillion so‘m beriladi. Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga ko‘paydi. Natijada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Ya’ni Toshkent shahrida kambag‘allik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi. Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirib, 15 ming dollarga yetkazish reja qilingan. Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, ta’lim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, shunday megapolislarda rahbar bo‘lgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish bo‘yicha taklif ma’qullandi. Ularning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi. Shu bilan birga, poytaxtimizda hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi qayd etildi. “Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar mas’ullari yondashuvini o‘zgartirishi zarur”, – dedi Prezidentimiz. Misol uchun, Yunusobodda besh yilda 500 ming kvadrat metr yirik savdo komplekslari barpo etilib, savdo va xizmat ko‘rsatish hajmi joriy yilning o‘zida 76 trillion so‘mga yetdi. Shayxontohur, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham katta o‘zgarishlar bor. Lekin Yashnoboddagi “Texnopark”da yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun hali katta salohiyat borligi ta’kidlandi. Yangihayotdagi “Toshkent indeks” loyihasida esa qurilgan 6,5 mingta savdo obyektining yarmidan ko‘pi bo‘sh turgani qayd etildi. Yashnobod va Yangihayot tumanlari hokimlariga tadbirkorlarga sharoit yaratib bersa, birgina shu loyihalarni to‘liq ishga tushirish orqali yana kamida 10 mingta ish o‘rni tashkil qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Toshkent shahrida yashirin iqtisodiyot ulushi 9,5 foizni tashkil qilayotgani, mutasaddilar uni qisqartirish bilan tizimli shug‘ullanishi shartligi ta’kidlandi. Shota Rustaveli ko‘chasida BRT yo‘lagi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hududida avtomobil tunneli ishga tushirildi. Lekin Kichik halqa yo‘li, Katta halqa yo‘li, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Shahrisabz, Maxtumquli, Ohangaron ko‘chalaridagi tirbandlikdan aholi norozi ekani ko‘rsatib o‘tildi. Toshkent shahri aholisi yildan-yilga oshib borayotgani hisobiga 100 mingdan ziyod maktab va bog‘cha o‘rinlariga ehtiyoj bor. “Endi poytaxtda boshqaruv o‘zgaradi. 2026-yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi. Bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi”, – dedi davlatimiz rahbari. Kelgusi yilda jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani 3 ming, 2027-yilda esa 3,5 ming dollarga yetkazish uchun poytaxt tumanlari 3 ta yo‘nalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritiladi. Sergeli, Yangihayot, Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika sohalari “o‘sish nuqtasi” bo‘ladi. Jumladan, kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr bo‘lgan 70 million dollarlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi. Yangihayotdagi “Yangi avlod” sanoat zonasida elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida 2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu yerda Birlashgan Arab Amirliklarining “DP World” kompaniyasi zamonaviy logistika tizimini yo‘lga qo‘yadi. Ushbu sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar hisobidan kengaytiriladi. Buning hisobiga umumiy qiymati 3 milliard dollarlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi. “Yangi avlod” sanoat zonasi boshqaruviga ilg‘or xorijiy kompaniyani jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanadi. Xususan, 37 gektarda 1 milliard dollarlik “Uchtepa siti” loyihasi boshlanadi. Uning doirasida zamonaviy mehmonxona, biznes markazlar, savdo-ko‘ngilochar majmua va apartamentlar barpo etiladi. Chilonzor, Yakkasaroy, Olmazorda ham 2,5 milliard dollarlik shunday loyihalar amalga oshiriladi. Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sun’iy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va ta’lim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. O‘tgan to‘qqiz yilda poytaxtda xizmatlar hajmi yiliga 20 foizdan o‘sib, 30 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusi yilda buni 38 milliard dollarga, 2027-yilda esa 45 milliard dollarga olib chiqish muhim ekani ta’kidlandi. Joriy yilda shahardagi 26 ta ko‘cha tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarga aylantirildi. Bu ko‘chalarda 1 ming 200 ta savdo-servis obyektini joylashtirish hisobiga 5 ming aholi daromadli bo‘ldi. Kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil qilish vazifasi qo‘yildi. Banklarning 100 ta yangi yuqori qiymatli ijtimoiy, “yashil”, texnologik va turistik xizmatlarni jozibador shartlarda moliyalashtirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Chilonzorda yiliga 15 ming aholini savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida o‘qitadigan markaz ishga tushirildi. Shunday markazlarni umumiy ovqatlanish va boshqa servis sohalarida yo‘lga qo‘yib, yiliga 5 ming aholini bepul o‘qitish, 100 ta mahallada kovorking markazi, dars xonasi va o‘quv kurslarini ochish hamda 10 ming nafar yoshlarni qamrab olish topshirildi. Bugungi kunda poytaxtda 75 tadan maktab va bog‘cha, 23 ta sport obyektiga ehtiyoj bor. Tuman hokimlari o‘zlari mablag‘ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bog‘cha va sport obyektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bog‘cha hamda 11 ta sport obyekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi. Kelgusi yilda infratuzilma loyihalariga chetdan davlat kafolatisiz yana 300 million dollar jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Shu yildan Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan maktabda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” boshlandi. Ya’ni 7-11-sinfdagi 1,5 ming o‘quvchi saralanib, ularni AT, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yo‘nalishlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishiga qarab, o‘qituvchilariga 20 million so‘mgacha oylik maosh to‘lanyapti. Bu tajribani kengaytirib, bunday maktablar sonini kelasi yili 24 taga, 2027-yilda 33 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Dekabrning boshida Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha alohida qaror imzolangan edi. Endi yirik megapolislar kabi poytaxtimizda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi. Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi. Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni ta’mirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tunnel barpo etish topshirildi. Kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi. Dunyoning yirik shaharlari kabi poytaxtimizda ham ekologiya masalasining dolzarbligi ortmoqda. “Oxford economics” nashrining “Global shaharlar indeksi” reytingida Toshkent shahri dunyodagi 1 mingta shahar orasida 471-o‘rinni egallagan. Mutasaddilarga ushbu reytingda poytaxtimizni ekologiyasi barqaror 300 ta shahar qatoriga olib chiqish bo‘yicha tinimsiz shug‘ullanish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun uch oyda poytaxtning 4 ta qismida sun’iy ko‘l va havzalar qurish loyihalarini tayyorlab, ishlarni boshlash topshirildi. 1-iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha alohida dastur boshlanadi. 2026-yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan o‘ylash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, Bektemir, Sergeli va Yangihayotdan o‘tgan Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qo‘shimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda “yashil belbog‘”, 250 gektarda ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shahar drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi e’lon qilindi. “Shaharning barcha ko‘chalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari. Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni ta’mirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan. Yomg‘ir suvini yig‘adigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sug‘orishga ishlatiladi. Poytaxtning barcha kommunal tashkilotlari va favqulodda xizmatlar tun-u kun ishlashga o‘tib, avariyaviy holatlarning oldini olish va tezlik bilan bartaraf etish bilan shug‘ullanishi, jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. “Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari. Shuning uchun Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy budjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish taklif qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etiladi. Umuman, Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi. “Mahalla yettiligi”ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. 2026-yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – “mahalla yettiligi” to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tadi. Hokim o‘rinbosarlariga “mahalla yettiligi”ning har bir a’zosiga yangicha yondashuv asosida KPI ishlab chiqib, tizimdagi ortiqcha hisobotlar kabi byurokratiyani yo‘qotish topshirildi. “Yettilik” hisobotlar bilan emas, balki odamlarning og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanishi zarur”, – dedi Prezidentimiz. Yig‘ilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.

16 Dekabr 2025 Yil

134

Poytaxtda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Poytaxtda aholi va iqtisodiyot obyektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan barqaror va uzluksiz taʼminlash maqsadida bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirildi. Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MVt boʻlgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biridir. Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya yoʻnaltirildi. Davlatimiz rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishdi. Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari oʻrnatildi. Qozonxonalardan isteʼmolchilargacha boʻlgan issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yoʻqotishlarining oldini olish imkonini beradi. Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta obyekt doimiy issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obyektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi. Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40-45 foizga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi. Shu yerning o‘zida Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, anomal sovuq sharoitida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi. Poytaxtda 11 ming 630 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi. – Shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq. Shu bois ular soat mexanizmiday aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o‘zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘la va tom qismlarini, yo‘laklar va o‘yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur, — dedi Prezident. Shuningdek, energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari mas’ullariga mavsum davomida tizimli va muvofiqlashgan holda ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

16 Dekabr 2025 Yil

61

Poytaxt IIBB rahbarining navbatdagi qabuli

Xabaringiz bor, Toshkent shahar ichki ishlar organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan me’yoriy hujjatga asosan, joriy yilning 27 noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida “Murojaatlar oyligi” o‘tkazib kelinmoqda. Oylik doirasida kuni kecha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev tomonidan shahar aholisining murojaatlarini o‘rganish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabuli o‘tkazildi. Unda 55 nafar jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari tinglanib, hal etish choralari ko‘rildi. O‘rganishlar natijasida murojaatlarning 20 tasi qabulxonaning o‘zida ijobiy yechimini topdi, 2 tasi bo‘yicha malakali huquqiy tushuntirishlar berildi. 33 ta murojaatlarda keltirilgan vajlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, atroflicha o‘rganish talab etilgani bois ijrosi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilib, aniq ijro muddatlari o‘rnatildi. Qabul qilingan murojaatlar mazmuniga ko‘ra: surishtiruv-tergov, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, ommaviy tadbirlar o‘tkazish, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar, yo‘l-transport hodisalarini rasmiylashtirish, oila-turmush doirasidagi nizolar, ichki ishlar xodimlari xizmati bilan bog‘liq masalalarni tashkil etdi. Bu kabi vakolatli rahbarlarning aholi murojaatlarini tinglash, ularning qonunda belgilangan haq-huquqlarini kafolatlash borasida olib borilayotgan ishlari poytaxt IIBB hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

15 Dekabr 2025 Yil

257

Бошпанасиз инсонларга ёрдам қўлини чўзинг

Barcha yangiliklar

Text to speech