5 Sentyabr 2022 Yil 907

Mustaqillik tengdoshi: o‘zgacha g‘urur sururi

Vatanimizning ozodlikka erishgan yilda tavallud topganlik kishiga o‘zgacha bir g‘urur bag‘ishlaydi. Uchtepa tumani IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Nasrulla Zokirov ana shunday baxtga muyassar bo‘lgan mustaqillik farzandi.Vatanimizning ozodlikka erishgan yilda tavallud topganlik kishiga o‘zgacha bir g‘urur bag‘ishlaydi. Uchtepa tumani IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Nasrulla Zokirov ana shunday baxtga muyassar bo‘lgan mustaqillik farzandi.

U orzusiga erishish yo‘lida yoshlikdan maqsadni aniq qilib, harbiy liseyga hujjat topshirdi. Liseyda harbiylikning dastlabki ko‘nikmalariga ega bo‘lib, bilimlarini boyitib bordi. Keyin IIV akademiyasiga o‘qishga kirib, o‘zi qiziqqan tergov yo‘nalishida tahsil oldi.Toshkent shahar Uchtepa tumani IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limining tergovchisi lavozimida xizmatini davom ettirgan Nasrulla murabbiyi – podpolkovnik Anvar Ibodovdan tergov yo‘nalishining nozik jihatlarini qunt bilan o‘rgandi.

Keyinchalik sohada qariyb 35 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan podpolkovnik Hasan Xodjaev ham unga ustozlik qildi.

– Nasrulla o‘z ustida ishlashdan erinmaydi, har bir jinoyat ishi ortida inson taqdiri yotganligini his qilgan holda tergov harakatlarini olib boradi, – deydi popolkovnik Hasan Xodjaev. – O‘tgan yili giyohvandlik moddasi bilan bog‘liq bir jinoyatni tergov qilganida maslahat so‘radi. Ayblov xulosasini varaqlay ko‘rib: hammasi joyidaligini, biror bir kamchilik yo‘qligini aytganimda: «Ustoz, baribir sizning tajribangiz katta, yanayam pishiq va puxta bo‘lsin uchun sizning chig‘irig‘ingizdan o‘tkazib olayin», deya javob bergandi. Bu esa uning kasbiga, ustozlarga bo‘lgan hurmatidan dalolat.
Nasrulla oilali. Turmush o‘rtog‘i Nodiraxon bilan to‘rt nafar farzandini voyaga yetkazmoqda.

– Sohada o‘z o‘rnimni topishimda ustozlarimning o‘rni katta bo‘lgan, – deydi qahramonimiz. – Ular sohaning har bir ikir-chikirini aytavermaydi, balki amalda ko‘rsatadi. Shuning uchun ham ularning bergan o‘gitlari va yo‘l-yo‘riqlaridan tashqari, qilayotgan ishlarini sinchkovlik bilan kuzatib, unga amal qilishga harakat qilganman. Shuningdek, o‘z ustimda tinimsiz ishlab, ustozlardan olgan bilimim va tajribamni sohaga endi kirib kelayotgan yosh xodimlarga o‘rgatish orqali zimmamdagi vazifani ado etmoqdaman.

© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech