18 Fevral 2023 Yil 4046

Tadbirkorlik faoliyatiga shaxsiy diniy qarashlar asosida to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi

Joriy yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida yashovchi 1999 Y.t. fuqaro “Sh.A.” Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buyuk Ipak yo‘li” metro bekati atrofida joylashgan savdo do‘konlaridan birining reklama bannerlarini tanqid qilib, uning munosabatidan keyin mutasaddi rahbarlar reklama mahsulotlarini olib tashlaganligi xususida keskin fikrlarni bildirgan videomurojaatlari tarqaldi.

Holatni o‘rganish maqsadida 2023 yilning 16 fevral kuni “Sh.A.” Chirchiq shahar IIO FMB taklif etildi. O‘tkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan do‘kondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini o‘zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum qildi.

Shuningdek, Sh.A. turli diniy mavzudagi materiallarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali tarqatib kelayotganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘tkazilgan profilaktik suhbat davomida mazkur fuqaroga qonunchilik hujjatlari talablari tushuntirib o‘tildi. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasida tadbirkorlik faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari belgilangan. Jumladan, tadbirkorlik subyekti mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

Mazkur qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subyekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan maʼlumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining shaxsiy diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning harakati qonun asosida qatʼiy taʼqib qilinadi.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro “Sh.A.”ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Hurmatli fuqarolar!

Turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatimizda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz gap-so‘z va saʼy-harakatlar aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga itoatkor bo‘lishga chaqiramiz. 

Barcha yangiliklar

Text to speech