17 Mart 2023 Yil 1150

Jamoat tartibini saqlashga barchamiz masʼulmiz

Aziz yurtdoshlar, xabaringiz bor joriy yilning 18 mart kuni Osiyo kubogi chempionatining yoshlar o‘rtasidagi U-20 futbol musobaqasining final bosqichi o‘tkaziladi. Final o‘yinini tomosha qiluvchi ishqibozlar soni esa stadiondagi o‘rindiqlar sonidan ancha ko‘p. Stadionning o‘zida final o‘yinini tomosha qilish uchun chipta sotib olishga kelgan ishqibozlar bugun, yaʼni 17 mart kuni “Bunyodkor” stadionidagi kassa oldida juda ko‘p to‘planib ketishgan. Kassa oldiga jamoat tartibini saqlash maqsadida IIO xodimlari jalb etilib, uning oldi panjaralar bilan to‘silgan hamda fuqarolar navbat bilan kirishi taʼminlangan.

Biroq, taxminan soat 14.30 "Renessans TV" telekanali muxbiri va teleoperatori IIO xodimlari tomonidan to‘silgan panjaradan oshib o‘tgan, bu esa boshqa fuqarolarning qattiq eʼtiroziga sabab bo‘lgan. Jamoat tartibini saqlash va fuqarolarni tinchlantirish maqsadida, muxbir va teleoperatorga panjaradan tashqariga chiqishi lozimligi tushuntirilgan. IIO xodimlari tomonidan muxbir hamda teleoperatorga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilmagan va telekanal texnikasiga shikast yetkazilmagan.

Hurmatli OAV vakillari, sizlarning huquqlaringiz qonun bilan kafolatlanadi. Lekin, huquq bor joyda majburiyat ham borligini unutmang. IIO xodimlarining asosiy vazifalaridan biri jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdir. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ham o‘zingiz ko‘rib guvoh bo‘lganingizdek, stadion kassalari oldida ko‘plab fuqarolar to‘planib ketgan, navbatsiz chipta olishga bo‘lgan urinishlar esa ayanchli yakun topishi mumkin edi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining o‘z vaqtida aralashuvchi sababli kassa oldida jamoat tartibi buzilishiga yoki boshqa huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Sizlardan IIO xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtida vaziyatni to‘g‘ri tushunishingizni so‘raymiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech