26 Феврал 2022 йил 2317

Jamoat joyidagi bezorilik nima bilan tugashi mumkin?

Xizmat ko`rsatish sohasi vakili mijozlarga nisbatan xushmuomala bo`lishi lozim. Аmmo mijoz ham jamoat joyida o`zini tutish qoidalarini unutmasligi darkor. Tushunmovchilik sababli yuzaga kelgan kelishmovchilik katta janjalga aylanib, ishtirokchilari jinoyat ishi figurantlariga aylanishlari mumkin. Poytaxtning Mirzo-Ulug`bek tumanida joylashgan “PAYNET” ofislaridan birida hissiyotda aytilgan gaplar tushunmovchiliklarga sabab bo`ldi.

Ertalab ofisni ochayotgan xodimlar mijozlarni qabul qilishni boshladilar. Kassada ishlaydigan qiz mobil aloqa uchun to`lovlar qabul qilayotganida ofisga bir yigit kirib keldi. Navbatni chetlab o`tib, kassadagi qizning yoniga keldi.

“Men kecha to`lov qildim, ammo telefonim ishlamayapti, qarab ko`r, nima bo`ldi?” – deb, qizga murojaat qildi. “Kutib turing, men bandman”, – dedi ofis xodimasi. Kutishga vaqti yo`qligini aytganida qiz ofisdagi Toxir ismli hamkasbidan mijozning telefonini ko`rib berishini iltimos qildi. Telefonning hisobi tekshirilganda balansida pul yo`qligi ma’lum bo`ldi. “Telefoningiz nimaga ishlamayotganini bilmayman. Balansingiz nol ekan. Balki trafik sotib olmasdan internetdan foydalangandirsiz?”, – dedi Toxir. Mijozning jahli chiqdi. “Hech nimani bilmasang bu yerda nima qilib o`tiribsan?”, – deb baqirdi mijoz. Toxir undan pastroq gapirishini iltimos qildi. Аmmo janjal boshlanib bo`lgandi. Mijoz Toxirni haqorat qilganida Toxir unga ko`chaga chiqib gaplashib olishni aytdi. Yigitlar mushtlashib ketdilar va oqibatda mijozga badan shikastlari yetdi, 26 yoshli Toxirga nisbatan esa O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (“Bezorilik”) bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Jamoat joylarida mijozlar uchun ham, ular bilan ishlaydiganlar uchun ham salbiy hissiyotlarga o`rin yo`qdir.

Барча янгиликлар

Text to speech