19 Aprel 2024 Yil 868

Yolg‘izlatib qo‘ymang, qadrdon

Bundan bir necha yillar avval Rossiya va Qozog‘iston  davlatlarida firibgarlikning yangi turi – telefon orqali fuqarolarning hissiyotlaridan foydalanib, pulga chuv tushirish uslubi keng tarqalgandi. Mana maʼlum muddat o‘tib, illat  yuqumli,  yomonlikning esa oyog‘i uzun, degani haqiqat ekanligi ayon bo‘ldi.

Bugungi kunda poytaxtimizning ayrim tumanlarida belini og‘ritmay, jonini koyitmay mo‘may pul topish yo‘lini tanlagan bir guruh nopok shaxslar firibning bu turini o‘zlashtirib,  fuqarolar, ayniqsa, keksalarni “nishonga” olib, o‘z g‘araz maqsadlarini amalga oshirishga kirishishdi.  Bu qing‘irliklarda ayol kishining ham ishtirok etishi esa nihoyatda achinarlidir. Aynan o‘sha ayol sheriklari bergan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroqni amalga oshirib, yig‘lab, oyisi yoki buvisiga avtohalokatga uchragani yoki mashinada birovni turtib yuborganligini yoxud uning aybi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganligini aytib, uni qamab qo‘ymasliklari uchun aytilgan pullarni zudlik bilan berib yuborishini iltimos qiladi. Yoxud o‘sha ayol yig‘lamsirab, jabrdiyda kasalxonada og‘ir ahvoldaligini, shifokorlar davolash uchun pul talab qilishayotganligini aytib, qo‘ngg‘iroqqa javob bergan qariyalarni sarosimaga solishadi.

Bu kabi yolvorish, iltijolarni eshitgan qaysi ona yoki buvi jim chetda tura oladi. Kim jondan aziz farzandining umrini xazon qilgisi, yoshligini panjara ortida o‘tishi yoki bir umr to‘shakka mixlanib qolishini xohlaydi. Hech kim. Boz ustiga qo‘ng‘iroqlar tinmay, hali shifokordan, hali tergovchidan, hali jabrdiydadan gohi iltijo, gohi do‘q-po‘pisa ohangida kelib tursa... Bir zum xayolni joyiga qo‘yishga, vaziyatni anglashga,  aql tarozusiga qo‘yishga fursat bermasa... Bu orada shoshilinchda  yig‘ilgan pullar, pulga chaqiladigan qimmatbaho buyumlar solingan xaltachani olib ketish uchun  kuryer  eshikni taqillatib tursa...

Joriy yilning 23 mart kuni poytaxt tumanlarining birida istiqomat qiluvchi nafaqadagi keksa ayolning uy telefoni jiringladi. Go‘shakni ko‘targan  ayol nevarasining hayajonli ovozini eshitib esankirab qoldi. Nevarasining ishga eson-omon borib kelishini xayolidan o‘tkazib turgan  ayol uchun bu  kutilmagan voqea qattiq zarba bo‘ldi. Nevarasi yo‘lda bir o‘smirni turtib yuborgani, hozir kasalxonada o‘tirgani, shifokorlarga falon pulni bermasa ahvoli tangligi, jabrlanuvchining ota-onasi aytilgan pulni bermasa qamatib yuborishi bilan qo‘rqitayotganini aytib tinmay yig‘lardi. Bu orada kimdir go‘shakni olib, pulni tezlashtirmasa, nevarasining holi voyligini gapiradi, “shifokor” esa faloncha pul kerakligi, yo‘qsa, o‘smir vafot etishini aytadi. Shum xabardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan ayol zudlik bilan bor-budini yig‘ishtira boshlaydi. Ko‘p vaqt o‘tmay “chopar” ham eshikni taqillatadi. Nafaqasidan tejab-tergab, oxirgi manziliga atab yig‘ib qo‘yilgan bir yuzu yigirma million so‘m nevarasining “aybini yuvish, qamalib ketishdan asrash” uchun  firibgarlarning cho‘ntagiga tushadi.

Bu “aybdorning” tovoni. Firibning bir ko‘rinishi. Yana  yaqinlarining o‘zlari avtohalokatga uchrashi yoki jabrlanib qolishi, yaʼni og‘ir ahvolda kasalxonaga tushib qolishi hodisalari ham amalda ko‘plab qo‘llanilganini eʼtirof etish mumkin.

Ammo xalqimizda “buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan naql bor. Firibgarlar bir narsani unutishgan chog‘i, ular  shoxida yursa, ichki ishlar xodimlari bargida yurishini.

Bu kabi holatlar haqida ichki ishlar idoralariga murojaatlar tushishi bilan poytaxt IIBB rahbariyati tomonidan  tegishli xizmat xodimlari jalb etilgan maxsus tadbirlar ishlab chiqildi. Aniq va rejali olib borilgan  amaliy ishlar natijasida firibgarlikning hadisini olgan, jinoiy guruh aʼzolari qo‘lga olindi.

Shu o‘rinda firibgarlarning ustalik bilan qo‘yilayotgan qopqoniga oson tushayotgan jabrdiydalarning soddaligini eʼtirof etmay iloj yo‘q. Respublikamizning ommaviy axborot vositalari, televideniye va radiolarda firibgarlarning qilmishlari haqida ko‘plab chiqishlar, ko‘rsatuvlar, ogohlantirishlar berilayotganiga qaramay, fuqarolarimizning  aldanib qolayotganligi achinarli holdir. Ayniqsa, keksalarning. Tan olish kerak, keksalar, yolg‘izlar, o‘zgalar yordamiga muhtojlar ko‘p hollarda  nopok, qabih kimsalarning domiga tushib qolishmoqda. Jinoyatchilar yaqinlarimizning ojiz tomonlaridan mohirona foydalanishmoqda. Qayd etish lozimki, keksalarimizni jinoiy guruh nayranglaridan asrash, baxtli keksaliklarini taʼminlash, noqonuniy harakatlardan himoya qilish - biz yaqinlari, qadrdonlarining burchidir. Kezi kelganda,  ularning holidan tez-tez xabar olaylik, baʼzi jamiyatda ro‘y berayotgan ko‘ngilsiz hodisalardan ogoh etaylik, tashlab qo‘ymaylik, deb  qayta-qayta eslatgin keladi.  

Barcha yangiliklar

Text to speech