TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

“Bir yigitning aslin bilay desangiz...”

Sardorbek ijtimoiy tarmoqlar orqali Yaxshigina ish topdi. Axir 18 yoshga to‘lgan  yigitchani shahardagi nomi chiqqan masʼuliyati cheklangan jamiyatga ishchi qilib olishadi-yu quvonmasinmi? Korxona rahbarining o‘zi u bilan suhbatlashib, yaxshi oila farzandi ekanligiga, vijdonli va to‘g‘riligiga amin bo‘ldi. Ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Sardorbek sidqidildan ishlay boshladi. Ishi og‘ir emas, hech kim bosim ham o‘tkazmaydi. Bilib-bilib ishini qiladi, maoshi ham tuzukkina. Yoshi kattalarning uncha-muncha xizmatlarini og‘rinmay bajarib, tez orada korxonada hurmat qozondi. Ayrimlar “kiroyi o‘g‘ling bo‘lsa, shunday bo‘lsa-da” deya  havas bilan ortidan qarab qolishardi. Qo‘l-oyog‘i chaqqon, halol, ishchan, diyonatli yigit rahbariyatning ham eʼtiboriga tushdi. 2022 yilning avgustida ish boshlagan qahramonimiz xushmuomalaligi, serg‘ayrat va mehnatkashligi bois bir yil ham o‘tmay 2023 yilning may oyida sotuv bo‘limi rahbari – menejer bo‘lib tayinlandi. Shu-shu maqtagan  yigitimiz bosar-tusarini bilmay qoldi. Mazkur korxonaning mahsulotlari xaridorgir va mijozlari ko‘pligi, mahsulotlarning “xo‘jayiniga” (xohlasa mahsulotlarni beradi, xohlamasa “yo‘q” deydi) aylangan Sardorbek bu vaziyatdan foydalanib qolishni rejalashtirdi. Bir-ikki safar mijozlarni aldab mahsulot narxini atay oshirib sotdi. Bu rahbarning qulog‘iga yetib bordi. Rahbarlik faqat ishni tashkil etishi, mahsulotlar sifati va taʼminoti bilan shug‘ullanish emasligi, qo‘l ostidagi ishchi-xodimlarning tarbiyasiga ham masʼulligini anglagan korxona rahbari Sardorbekning yoshligini hisobga olib uning otasini suhbatga chaqirdi. Vaziyatni tushuntirdi, birgalikda Sardorbekni tarbiyalashga kelishildi. Otasi o‘g‘lini nazorat qilishni bo‘yniga oldi. Ko‘p o‘tmay  jamiyat rahbari yangi shartnomalar tuzish maqsadida xorijga yo‘l oldi. Sardorbek buni o‘zicha tushundi – korxonaning soyadagi  xo‘jayini his qildi shekilli o‘zini – va mijozlar mahsulot uchun to‘lagan va o‘tkazgan pullarni korxona hisob-raqamiga kirim qilmay, yetmaganiga ularni qarzdorlar kitobiga kiritib, o‘z ehtiyojlariga ishlata boshladi. O‘rtoqlarini qimmat restoranlarga taklif qildi, qimmat uyali telefon sotib oldi va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, tungi klublarga tez-tez tashrif buyuradigan bo‘ldi. Ota-onasiga esa ish ko‘payib ketganligi, viloyatlardan keladigan mijozlarni kutib qolganligi va boshqa bahonalar bilan aldab keldi. Rahbar safardan qaytgani hamon hisob-kitobga qiziqdi. Sardorbek uyalmay-netmay mahsulotlarga hech kim qiziqmayotgani, mijozlar boshqa korxonalarning mahsulotlarini xarid qilayotgani, olayotganlari ham qarzga olayotganini aytib qarz kitobini olib kelib ko‘rsatdi. Rahbar qarzdorlarga qo‘ng‘iroq qilib bu haqda so‘raganida, ular tabiiyki, mahsulotlarga ortig‘i bilan  pul to‘laganlarini, pulini to‘lab ham molini olib ketolmayotgani, uzoq vaqt navbatda kutib qolayotganlarini eshitgan rahbarning holatini o‘zingiz tasavvur qilavering. Maqtagan menejerimiz iyun oyidan noyabr oyigacha mijozlarning 475.168.000 so‘m pullarini yeb-ichib, kayfu safo qilib, o‘ngga-chapga bebiliska ishlatib yuborgani maʼlum bo‘ldi.— Sardorbek o‘rtoqlari oldida maqtanish istagida bo‘lar-bo‘lmas narsalar, kerak-keraksiz buyumlarga pul sarf qilib, oxirini o‘ylamaganligi oqibatida, ota-onasini ham uyatga qo‘ydi, ham moddiy ahvolini og‘irlashtirdi,– deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Shoxruh Isayev. – Farzandi ekan, ota-onasi uning kamomadini to‘lab, yengilroq jazo berishni iltimos qilishdi suddan.Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 2004 yilda tug‘ilgan Sardorbekning qilmishini ko‘rib chiqib, uni qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) bilan aybli deb topib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. 

7 Noyabr 2024 Yil

66

Profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda

Xalq osuda yashasa ishda unumdorlik va rivojlanish bo‘ladi. Buning uchun huquq posbonlari doimo xalq xizmatiga bel bog‘lab, o‘zlariga biriktirilgan hududlarda muntazam profilaktik tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Zero, dono xalqimizning kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi degan naqli bejizga avloddan avlodlarga o‘tib kelayotgani yo‘q.“Toshkent shahrida kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir qiluvchi omillarni ilmiy yondashuv asosida kompleks tahlil qilish hamda hamkorlikda bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” hamda Toshkent shahar IIBB va IIV Akademiyasi boshliqlarining qo‘shma farmoyishining ijrosini taʼminlash maqsadida Bektemir tumanidagi “COMPASS savdo majmuasi”, “Qo‘yliq buyum bozori” hamda “Vodiy avtoturargoh” hududlarida Toshkent shahar IIBB PPXB va Bektemir tuman IIO FMB masʼul xodimlari, IIV Akademiyasi kursantlari hamkorlikda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash borasida manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.Jumladan, aholi ogohlikka chaqirilib, jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilayotganlik holatiga duch kelgan taqdirda zudlik bilan IIO ga murojaat qilishlari lozimligi tushuntirilmoqda. Jinoyat qurboniga aylanmaslik uchun ahamiyat berish kerak bo‘lgan jihatlar aholi orasida targ‘ib qilinmoqda.Bu kabi tadbirlar poytaxtning boshqa tumanlarida ham olib borilmoqda.

6 Noyabr 2024 Yil

135

Yangihayot tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlarning faoliyati to‘g‘risida

Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari tomonidan tumandagi xotin-qizlarning qonuniy huquq-manfaatlarini taʼminlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, shuningdek, xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlarida ko‘maklashish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.Jumladan, Yangihayot tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar tomonidan ham bir qator ishlar olib borilmoqda.Xususan, tuman IIO FMB xodimlari probatsiya xizmatida ro‘yxatda turuvchi ayollar bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tadbir qatnashchilariga giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan qonuniy choralar to‘g‘risida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, tadbir so‘ngida ishtirokchilarga ijtimoiy videoroliklar qo‘yib berildi. Ular ham mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi.Bundan tashqari xodimlar hududdagi mahallalarda yashovchi bemorlar, imkoniyati cheklanganlar, yakka-yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand oilalar holidan xabar oldi. Masalan, xotin-qizlar faoli M. Xaydarova hamda 4-sonli IIB xodimlari mahallada yashovchi keksa yoshli Tanzilya Rahmonova holidan xabar olishdi va unga oziq-ovqat mahsulotlari berishdi.Shu bilan birga tuman xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari tumandagi ishlab chiqarish korxonalaridan birida ishchi-xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir xotin-qizlar o‘rtasida xavfsizlik va huquqlarni himoya qilish bilan bog‘liq eng dolzarb muammolardan xabardorlikni oshirish maqsadida tashkil etildi.Uchrashuvda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, kiberjinoyatchilar va firibgarlardan himoyalanish, har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish kabi muhim mavzular muhokama qilindi.Tadbir qizg‘in bahs-munozaralar bilan yakunlanib, unda ishtirokchilar mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Shuningdek, xavfsizlik choralarini takomillashtirish va ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.

6 Noyabr 2024 Yil

256

Qimmatga tushgan ichkilik

Qarama-qarshi yo‘l bo‘lagiga chiqib ketib, to‘qnashuv sodir etishiga bir bahya qolganida Kamtarning hushi o‘ziga keldi. Tormozni keskin bosib,  boshini rulga qo‘ydi. Kimning avtomashinasida o‘tiribdi, qayerga, qanday qilib kelib qolganini anglashga urindi. Xayoliga kelgan fikrdan qo‘rqib ketdi. Kuyovi Nodirjonga qo‘ng‘iroq qilib tezda  Farhod bozori chorrahasi yonidagi ko‘chaga yetib kelishini so‘radi. Ammo kuyovi yetib kelmay turib, avtomashina oynasini ichki ishlar xodimlari taqillatib, unga mashinadan tushishni buyurganida, oyoqlari qaltirab, tili kalimaga kelmay qoldi.Aslida Kamtarning spirtli ichimliklar ichishga hushi yo‘q. O‘z ahvoli o‘ziga ayon. Ichdimi, es-hushini yo‘qotadi. Kim, qayerda o‘tiribdi, yonida kimlar bor edi, nimalarni gapirdi, nimalar qildi: eslay olmaydi. Shuning uchun ichmaydi. Lekin  o‘sha kuni yaʼni, 2023 yilning 12 sentyabrida tanishi Qodir bilan  bearmon ichdi. Tongga yaqin gandiraklab chiqib ketdi. Chilonzor mavzesidagi uy oldida turgan Nexia-3 avtomashinasi eʼtiborini tortdi. Unga yaqinlashib oynasidan kalit ichida turganini ko‘rgach, tosh bilan oynasini urib sindirib, o‘t oldirdi-da haydab ketdi.— Oliy maʼlumotli bo‘lgan qahramonimiz, aslida tuppa-tuzuk kasb-korga ega, bir nafar voyaga yetmagan farzandning otasi. O‘sha kuni tanishining tug‘ilgan kuni bahonasida birga o‘tirib spirtli ichimliklar ichishadi. Qodir oyog‘ida turolmay, uxlab qoladi, Kamtar esa uyiga borish niyatida yo‘lga chiqadi va jinoyat sodir etadi. Qizig‘i, bunday holatda u uyini ham topa olmasdi, aslida, — deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Baxtiyor Nazimbayev. – Yaxshiyamki, biror shaxsga ziyon yetkazmagani, o‘zini xatti-harakatiga javob bera olmaydigan shaxsdan  nima kutish mumkin?! Tergov jarayonida nima uchun avtomashinani olib qochganligiga biror jo‘yali izoh topolmadi.Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1994 yilda tug‘ilgan Sh.Kamtarning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi, 1-qismi (“Transport vositasini olib qochish”) bilan aybli, deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligini, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligini inobatga olib, mazkur kodeksning  57-moddasini qo‘llab, 3 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

6 Noyabr 2024 Yil

103

Interaktiv xizmatlar

Text to speech