Xizmatga qabul qilish

ICHKI ISHLAR ORGANLARI XIZMATIGA NOMZODLARNI QABUL QILISH TARTIBI VA ULARGA QO'YILGAN TALABLAR

Xizmatga tanlov asosida, ixtiyoriy tartibda yoshi o'n sakkizdan kichik va o'ttizdan katta bo'lmagan, shu jumladan o'ttiz yoshdagi ham, o'rta, o'rta-maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotga ega, sog'lig'ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo'yicha xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Bunda, o'g'il bolalar bo'yi 165 sm.dan, qiz bolalar (ayollar) bo'yi 160 sm.dan past bo'lmasligi (ayrim bo'linmalar va lavozimlar uchun nomzodlarga maxsus biometrik parametrlar O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan ro'yxat asosida o'rnatiladi), o'g'il bolalar O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni o'tagan, yoxud oliy o'quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan o'tgan bo'lishi kerak.

Tanlov mavjud bo'sh lavozimlar uchun o'tkaziladi. Tanlov o'tkazilishidan kamida o'n kun oldin ichki ishlar organining rasmiy veb-saytida bo'sh lavozimlar to'g'risida e'lon beriladi.

E'londa tanlov o'tkazish joyi va kuni, taqdim etilishi lozim bo'lgan hujjatlar ro'yxati hamda xizmatga qabul qilish tartibi va belgilangan imtiyozlar ko'rsatiladi.

Belgilangan kunlardan oldin yoki keyin murojaat etgan fuqarolar nomzodlar ro'yxatiga kiritilmaydi.

Xizmatga qabul qilish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

dastlabki tanlov – dastlabki suhbat, psixologik o'rganish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

yakuniy tanlov – yakka tartibda suhbat.

Dastlabki tanlovning har bir bosqichining natijalari e'lon qilinib boriladi. Sinovlarning biridan o'ta olmagan nomzodning hujjatlari rasmiylashtirilishdan to'xtatilib, keyingisiga qo'yilmaydi.

Nomzodlarning tegishli hujjatlarini rasmiylashtirish davomida unga xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyaga yo'llanma beriladi.

Shaxsiy hujjatlar yig'majildi to'liq rasmiylashtirilib, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan nomzodlar yakuniy tanlovga qo'yiladi.

Yakuniy tanlovda, qoida tariqasida, bir lavozimga kamida ikkita nomzod ishtirok etishi lozim.

Yakuniy tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar, ichki ishlar organlari qabul komissiyasining yakuniy qaroriga muvofiq, xizmatga qabul qilinadi.

Ayrim toifadagi nomzodlarga tanlovlarda imtiyoz va ustunliklar berish tartibi

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida halok bo'lgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarining farzandlari dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgan, shaxsiy hujjatlar yig'majildlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda yakuniy tanlovsiz ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.

Respublikada 1-o'rinni, xalqaro tanlov va musobaqalarning individual va jamoaviy turlarida 1-3 o'rinlarni egallagan sportchilar, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo'lganlar, oliy ta'lim muassasalarini imtiyozli diplom bilan tamomlaganlar nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yig'majildlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda, psixolog-mutaxassisning individual suhbatidan o'tgandan so'ng yakuniy tanlov asosida ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.

 

Barcha yangiliklar

Text to speech