Xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektor giyohvandlik vositalarini noqonuniy saqlash bilan bog`liq faktni aniqladi
Har kuni Toshkent shahar IIBB xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektori ayollar duch keladigan muammolarni hal qilish, oilalarga yordam ko`rsatish, yuridik maslahat va ijtimoiy-huquqiy qo`llab-quvvatlash bilan bog`liq vazifalarni bajarib keladilar. Ular kam ta’minlangan oilalarga, yolg`iz keksalarga muntazam ravishda yordam ko`rsatadilar. Ba’zida shu kabi ko`zdan kechirish ishlari davomida qonunbuzarlik holatlari ham aniqlanadi. Yaqinda Mirzo-Ulug`bek tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektor mayor Shoira Islamova mahalla faollari bilan birgalikda “Oltintepa” mahallasini ko`zdan kechirish davomida muntazam oilaviy kelishmovchiliklar yuz beradigan oiladan xabar oldilar. Oila a’zolari bilan profilaktik suhbatlar o`tkazilib, ularning muammolari o`rganildi. Suhbat davomida 43 yoshli N.G. va 34 yoshli O.M.lar asabiylashib, savollarga mujmal javob qaytarar edilar. Yashash sharoitlari o`rganilganda, xonalardan birining eshigi qulflangani aniqlandi. Xona N.G.ning singlisi 34 yoshli V.G.ga tegishli ekan. Eshikni ochish iltimosiga esa turli bahonalar aytib, shubha uyg`otdilar. Oxir-oqibat N.G. singlisi V.G.ning xonasida giyohvandlik vositasini saqlayotganini aytdi. Xodimlar xolislar guvohligida uyni tekshirib, shkafning ichidan qora polietilen paketda giyohvandlik vositasini topdilar. Ekspertizaning xulosasiga ko`ra topilgan modda 7.7 kg “marixuana” ekanligi ma’lum bo`ldi. V.G. bilan o`tkazilgan yakka tartibdagi suhbat davomida u giyohvandlik vositasini shaxsiy maqsadlari uchun saqlaganiga iqror bo`ldi. Mazkur fakt asosida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi (“Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o`tkazish maqsadini ko`zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar”) bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi.