26 Январ 2022 йил 1744

Hurmatli fuqarolar va yurtimiz mehmonlari!

25-yanvar kuni butun respublika, hamda poytaxt elektr ta’minoti tizimida uzilish yuz berdi. Elektr tarmoqlari faoliyati tiklangunga qadar Toshkent shahar IIBBning to‘liq shaxsiy tarkibi, shu jumladan yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari xodimlari, shuningdek respublika Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari jamoat tartibini ta’minlash va fuqarolarning shaxsiy mulklarini himoya qilishga yo‘naltirildi.
Poytaxt IIBB YPX va PPX inspektorlari, sovuq ob-havo sharoitiga qaramasdan, kuchaytirilgan tartibda xizmat olib bordilar – svetoforlar ishlamayotgan chorrahalardan yo‘l harakatini tartibga soldilar va yo‘l harakati qatnashchilariga eson-omon manzilga yetib olishda yordam berdilar. Fuqarolar yuzaga kelgan holatni to‘g‘ri tushunib, vahima qilmasdan IIO va maxsus xizmatlar xodimlarining yordamiga to‘liq tayanganlari quvonarli holat. Ular huquq-tartibot xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini so‘zsiz bajarib, yo‘l harakati qoidalariga rioya qildilar, maxsus xizmat avtotransportlariga yo‘l berdilar. Shu bilan birga, poytaxt aholisi chorrahalarda xizmat olib borgan YPX va PPX xodimlariga choy, kofe, buterbrodlar keltirishdi.
“Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” shioriga amal qilgan holda, poytaxt IIBBda yagona tezkor markazi tashkil qilindi va koll markazning quyidagi telefon raqamlari 71-232-03-30, 71-232-08-04, 71-232-03-24 to‘xtovsiz faoliyat yuritdi, “102” raqami kuchaytirilgan tartibda ishladi. IIBB xodimlari imkon qadar “Koll markaz” telefonlariga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rdilar. Hududiy profilaktika inspektorlari uyma-uy yurib, fuqarolar duch kelayotgan muammolarni o‘rgandilar. Yolg‘iz keksalarga va jismoniy imkoniyatlari cheklangan kishilarga alohida e’tibor qaratildi. Ulardan xabar olinib, oziq-ovqat to‘plamlari topshirildi. Fuqarolar kommunal xizmat, tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv ta’minoti masalalari bo‘yicha, hamda favqulodda holatlarda “Koll markaz” telefonlariga murojaat qilishlari mumkinligi eslatildi. Tibbiyot muassasalari, nogironlar uylari va mehribonlik uylari oziq-ovqat, ichimlik suvi, issiq ko‘rpa va isitish moslamalari bilan ta’minlandi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.
IIBB xodimlarining tartibga solingan ishlari tufayli jiddiy yo‘l-transport hodisalari, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar qayd etilmadi. Vaziyat nazorat ostida.

Барча янгиликлар

Text to speech