Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi «Posira» mahallasida 6500 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda maktabgacha ta’lim tashkiloti, oliygoh, litsey, umumta’lim maktabi hamda ko‘plab savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bor.
Tuman IIOFMBga qarashli 4-sonli IIB profilaktika katta inspektori, kapitan Qosim Tasibayev huquq-tartibotni saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul. U ushbu mahallada 4 yildan buyon xizmat vazifasini bajarib kelmoqda.
– O‘tgan yili avvalgi yilga nisbatan mahallamizda tan jarohati yetkazish, bezorilik, o‘g‘rilik, firibgarlik, oilaviy nizolar birmuncha kamayishiga erishildi. Ayrim jinoyat turlari, deylik, yoshlar bilan bog‘liq jinoyatlar umuman kuzatilmadi, – deydi kapitan Qosim Tasibayev. – Shu sababli o‘tgan yil yakuniga ko‘ra mahalla «sariq» toifadagi hudud toifasiga kiritildi. Mahalla faollari bilan hamjihatlikda ishlash asnosida, ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashni maqsad qilganmiz. Joriy yilda mahallamiz «yashil» toifaga o‘tishiga ishonaman. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli.
Mahalla azaldan tarbiya maskani, mehr-oqibat, ahillik va totuvlik o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Profilaktika inspektorining mahalla faollari, jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashi natijani ta’minlashi shubhasiz.