12 Dekabr 2023 Yil 88

Uyida qurol saqlagan Salimboy, “Baxti Tashkentskiy” haqida “ko‘plab maʼlumotlar”, qidiruvga berilmagan G‘ofur Rahimov — poytaxtda o‘tkazilgan reyd tadbirlari haqida

Bugun, 12-dekabr kuni Toshkent shahar IIBBda poytaxtda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor tadbir tafsilotiga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.


Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning maʼlum qilishicha, tezkor tadbirlar doirasida 38 ta jinoiy guruh a’zolariga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

“Ular uzoq yillar davomida kuzatuvda bo‘lgan. Salim Abduvaliyev, Baxtiyor Qudratillayev, Saidaziz Saidaliyev protsessual tartibda ushlangan. Ularga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Salim Abduvaliyev tergov qilinayotgan jinoyat ishi va tezkor jarayonda u shaxsning uyida qurol saqlanayotgani haqida ma’lumot kelgan. Uyida tintuv o‘tkazilib, noqonuniy ravishda qurol saqlanayotgani aniqlandi va tergovga jalb etdik. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoq jazosi tayinlangan. Baxtiyor Qudratillayev haqida bizga ko‘p ma’lumotlar kelib tushgan. Bu bo‘yicha ham tergov davom etmoqda.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 135 ta giyohvandlik moddasi, 19 ta psixotrop vositalarining noqonuniy aylanmalariga chek qo‘yildi. 4 kiloga yaqin giyohvandlik moddalari va 11 mingga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi giyohvandlik vositalari hujjatlashtirib olindi”, — dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

 

Toshkent shahar IIBBning aytishicha, ichki ishlar organlarida G‘ofur Rahimovga nisbatan jinoyat ishi mavjud emas va unga nisbatan qidiruv e‘lon qilinmagan.


“Uyushgan jinoiy guruh bilan bir kun, ikki kunda masalani hali qilib bo‘lmaydi. Ular bilan kurashish uchun oylar, kerak bo‘lsa, yillar kerak bo‘ladi. Biz qonunlarimizga asosan ularni kuzatuvga olamiz, ularning qilayotgan ishlarini fiksatsiya qilib, vaqti-soati kelganda chorasini ko‘ramiz. Biz yetarli dalillar topgandan keyingina bunday tadbirlarni amalga oshirdik. Hozirda qo‘lga olinganlar uyushgan guruh tarkibida harakatlangan, deb qo‘rqmasdan ayta olamiz”, — dedi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

 

Qo‘shimcha qilinishicha, jinoiy guruhlarga qarshi reydlarga Humo arena‘dagi konsertda yuz bergan tartibsizlikning aloqasi yo‘q.

                                                                                                                                                                                                               ©️Daryo.uz

Barcha yangiliklar

Text to speech