Har bir ota-onaning ko‘ngli o‘z jigarbandining ozgina yutug‘idan ham tog‘dek ko‘tariladi. Ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar orasida ham farzandlari erishayotgan yutuqlardan ko‘ksi osmon insonlar talaygina. Ana shunday osoyishtalik posbonlaridan biri Toshkent shahar Olmazor tumani IIOFMB 3-sonli IIB JQB katta tezkor vakili, podpolkovnik Kamolxo‘ja Agzamovdir.
U turmush o‘rtog‘i Nodiraxon bilan Robiya, Komila, Murodxo‘ja va eng kichigi, endigina 6 yoshni qarshilagan Shukronaxonni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda. Har birining yaxshi o‘qishi, sport bilan shug‘ullanishi va o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklarga qatnashishiga sharoit yaratib berishadi.
Afsuski, bu hayotning turli sinovlari-yu taqdirning kutilmagan zarbalari ham borki, ular insonni esankiratib qo‘yishi mumkin. Yoshgina Shukronaxonning qizilo‘ngachi kasallanib, bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi va
II guruh nogironi bo‘lib qoldi. Ota-ona uchun farzandi qiynalayotganini ko‘rish – azob.
Ammo hayot kurashlardan iborat. Shifokorlarning muolajalari, ota-onasining g‘amxo‘rligi natijasida qizaloq oyoqqa tura boshladi. Kamolxo‘ja va Nodiraxon uning yanada sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, Olmazor tumanidagi «Nozila» badiiy gimnastika klubiga olib borishdi.
Klub direktori Nozima Jo‘rayeva Shukronaga Farangiz Narzullayeva va Gulhayo Rahmonovalarni murabbiy etib biriktirganda, qizcha 5 yoshda edi. Kichkina bo‘lishiga qaramay, qiziqishi va ishtiyoqi balandligi bois, tezda mashg‘ulotlarga kirishib ketdi. Hayron qolarli jihati shunda ediki, mashg‘ulotlarda qatnashayotgan boshqa sog‘lom bolalarga nisbatan Shukronaxon har qanday murakkab mashg‘ulotni bor vujudi bilan bajarar va charchash nimaligini bilmasdi. Murabbiylari ham uning bu intilishi va shijoatiga qoyil qolardi.
Shu tariqa, murabbiylar boshchiligidagi harakatlar o‘z samarasini bera boshladi. Qizaloq birin-ketin musobaqalarda qatnashib, sovrindor bo‘la boshladi. Shu kunga qadar u bellashuvlarda yetti marobata yuqori o‘rinlarni egalladi. Xususan, o‘tgan yili Andijonda o‘tkazilgan turnirda birinchi o‘rinni band etgani murg‘ak qalb sohibiga kuch va kelgusida yanada baland marralarni egallashiga motivatsiya bo‘ldi.
– Qizimning kelajakdagi orzusi xorijda o‘tkaziladigan turnirlarda ham ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish, – deydi Nodiraxon. – Ona, men ham chet ellarga borib, katta-katta musobaqalarda qatnashishni istayman, deydi bolajonim. Biz buning uchun bor imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz. Zero, uning yutuqlari – bizlarga qanot.
Sarvar SOBIROV,
o‘z muxbirimiz.
Toshkent shahri
© POSTDA – На посту