15 Yanvar 2024 Yil 117

Uning hayotdagi orzusi

Iqbola Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida tug‘ilib voyaga yetdi. Ota-onasi besh nafar – uch o‘g‘il, ikki qizni tarbiyalab, ulg‘aytirishgan. Ular orasidan Iqbola egniga ichki ishlar organi xodimi libosini kiyib, sharafli kasbning egasi bo‘lishni tanladi. 

U faoliyatini Yakkasaroy tumani IIBda ish yurituvchi lavozimida boshlagan. Keyinchalik turli sohaviy xizmatlarda faoliyat yuritish asnosida hamkasblari va ustozlaridan bilmaganlarini o‘rganib, tajriba orttirdi. 

Hozirda serjant Iqbola Olimova Toshkent shahar IIBB Moliya va moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi moddiy-texnika va xo‘jalik xizmati kichik inspektori. 

Lavhamiz qahramoni turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazishdi. Oila boshlig‘i vafot etgach, yolg‘iz boshi bilan ham ro‘zg‘orni, ham xizmatni va farzandlar tarbiyasini birdek olib borishga harakat qilyapti. 

To‘ng‘ich o‘g‘li Sherzod Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi. Ikkinchi o‘g‘li Begzod Alfraganus universitetida tahsil oladi. U onasining izidan ketishga ahd qildi. Hozirda hujjatlarini Toshkent shahar IIBBga topshirgan. Uchinchi o‘g‘il Shahzod maktab o‘quvchisi.

Har bir insonning hayotda o‘z orzusi bo‘ladi. Iqbola opaning ham umidi va yashashdan maqsadi farzandlarining kamolini ko‘rish. Bu yo‘lda sohada fidoyilarcha xizmat qilib, bor imkoniyatini farzandlariga sarflamoqda. Dilbandlari esa unga qanot bo‘lish yo‘lida o‘qib-o‘rganib, hayotda o‘z o‘rnini topish harakatida.


Sarvar SOBIROV,

o‘z muxbirimiz.

Toshkent shahri.


© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech