10 Iyun 2022 Yil 871

Toshkentda qo‘poruvchilik harakatini rejalashtirgan ekstremistik guruh qo‘lga olindi

O‘zbekistonda 2022-yilda ISHID hamda “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotlari jangarilariga aloqador 4 ta yashirin guruh, yakka tartibda radikallashib, ekstremistik tashkilot va oqimlar g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan 10 ta virtual guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh a’zolari aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Mazkur shaxslar yashab turgan manzillarida ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining g‘oyalarini targ‘ib qilish, yangi rekrutlarni (nomzodlar) yollab jangarilar lagerlariga yuborish, terrorizmni moliyalashtirish hamda qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishga undash bilan shug‘ullanib kelgan.

Xususan, 2022-yilning boshida Toshkent shahrida 27 nafar shaxsdan iborat yashirin ekstremistik guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lib, guruhning ayrim a’zolari jangovar harakatlar yuz berayotgan hududlarga borishni rejalashtirgan va xalqaro terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Hozirgi vaqtda IIV Tergov departamenti tomonidan ushbu guruhning 11 nafar a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bundan tashqari, olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida Toshkent viloyatida yashovchi 21 yoshli A.Sh. qo‘lga olinib, u Suriya hududidagi faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkiloti g‘oyaviy rahnamosi A.Xamrabuvayevning (taxallusi “Axluddin Navkotiy”, Qirg‘iziston fuqarosi) ko‘rsatmasi asosida Toshkent shahrida yashovchi 9 nafar shaxsdan iborat yashirin jamoat tashkil etgan bo‘lib, ularning ayrimlari Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, 18-27 yosh oralig‘idagi, ayrimlari maktab o‘quvchilari hisoblangan 10 nafar shaxsdan iborat “Tavhid va jihod katibasi”ning ikkita yashirin guruhi aniqlangan. Ushbu guruhlar faoliyati “Tavhid va jihod katibasi”ning Suriyadagi mas’ullaridan biri “Abu Ahmad uzbekiy” tomonidan boshqarilgan bo‘lib, guruh a’zolari poytaxtdagi ma’muriy binolar, aholi gavjum jamoat joylarida qo‘poruvchilik harakatlari sodir etishni rejalashtirganlar hamda terrorchilik tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirib kelishgan.

Kechiktirib bo‘lmaydigan tezkor-tergov tadbirlar natijasida guruh a’zolaridan qo‘lbola portlovchi qurilma tarkibiy qismlari va niqoblovchi buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Guruh a’zolariga nisbatan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 155, 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu bilan birga, Suriyada terrorchilik tashkilotlari safida bo‘lib, qidiruvda bo‘lgan quyidagi shaxslarning ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali o‘zlarining O‘zbekistondagi qarindoshlari va yaqin aloqalari orasida yollov ishlarini olib borib, ularni terrorchilik lagerlariga chiqishga chorlab kelayotgani aniqlanib, noqonuniy harakatlariga barham berildi:

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

2022-yilda xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlik natijasida, qidiruvda bo‘lgan 59 nafar jangarilar va terrorchi-ekstremistik tashkilotlar tarafdorlari qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Ushbu shaxslar chet davlatlarda terrorchilik tashkilotlar safiga yollangan bo‘lib, ularning faoliyatni moliyalashtirish, Suriyadagi jangarilar lagerlariga nomzodlarni yollash va yuborish bilan shug‘ullangan. Shunigdek, ayrimlari O‘zbekistonda va o‘zlari bo‘lib turgan mamlakatlar hududida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirib kelgan.

Jumladan, 2022-yilning aprel oyida farg‘onalik, 27 yoshli X.K. Rossiya hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ushbu shaxs 2014—2015-yillarda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti safida jangovar-qo‘porovchilik tayyorgarligidan o‘tib, Rossiya hududida yashirin guruhlar yaratish, terrorchilik tuzilmalarni moliyalashtirish kanallarini yo‘lga qo‘yish uchun tashkilot yetakchilari Sh.Sh. va K.Sh. tomonidan yuborilgan. X.K.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘rilgan choralar natijasida “Tavhid va jihod katibasi”ning qidiruvda bo‘lgan Turkiyagadagi jangarisi — Samarqand viloyatidan bo‘lgan 24 yoshli B.D.ning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida seriyali qator terrorchilik xurujlarini amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga chek qo‘yilgan.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 23 yoshli S.X. Rossiya hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelingan. Ma’lum bo‘lishicha, u internet orqali Suriyadagi “Hayat Taxrir ash-Shom” xalqaro terrorchilik tashkiloti jangarilari safiga yollanib, qo‘lbola usulda portlovchi qo‘rilmalarni yasash bo‘ycha o‘quvdan o‘tgan va O‘zbekistonda qaytganidan so‘ng qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirishni rejalashtirgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

“Hizb ut-Taxrir” diniy-ekstremistik tashkilotining Toshkent shahri va viloyatida yashovchi 5 nafar, muqaddam jazo o‘tab ozodlikka chiqqan 10 nafar a’zoaining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lib, ular internet orqali tashkilotning g‘oyaviy rahnamolaridan biri A.Xoldarovning (“Mahmud Abdulmo‘min”, Qirgiziston fuqarosi, Ruminiyada yashirinib kelmoqda.) yollovi ta’siriga tushib, o‘zlarining maslakdoshlaridan iborat yashirin guruh tuzgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Shuningdek, Toshkent shahri va viloyati hududida talonchilik, tovlamachilik, o‘g‘irlik va bosqinchilik bilan shug‘ullanib kelgan 8 ta uyushgan jinoiy guruhning faoliyatiga barham berilgan bo‘lib, ular terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, noqonuniy topilgan daromadlaridan ekstremizmni moliyalashtirib kelgan. Ayrimlari terrorchilar lagerlariga chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rgan.

Xususan, 2021-yilda Toshkent shahridagi “Texno olam” (“Malika”) savdo majmuasida tizimli ravishda mobil telefonlar o‘g‘irlash, firibgarlik, talonchilik jinoyatlari sodir etib, hududdagi qo‘riqlash xizmati xodimlariga tan jarohati yetkazish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Ulardan 6 nafariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov davomida boshqa jinoyatlarga dahldor 50 dan ortiq aloqalari aniqlangan va ularga nisbatan profilaktik va ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Bundan oldin Xorazmda Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan 4 nafar yigit ushlangani, o‘zbekistonlik fuqaro MDH davlatlaridan birida qo‘poruvchilik harakatini sodir etmoqchi bo‘lgani aniqlangani, Toshkentda Suriyaga borib, jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan talaba va ikki nafar maktab o‘quvchisi ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech