15 Fevral 2024 Yil 87

SHUKRONALIK BILAN YASHASH KERAK – deydi 108 yoshni qarshilagan Xosiyatxon hoji aya

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan «Qozi­­robod» mahallasi 1989-yilda tashkil topgan. Keksalarning aytishiga qaraganda, bu yerda oldin bir nechta qozilar istiqomat qilgan ekan. Qozilar ko‘magida qo‘shimcha kichik darvoza ochilganidan xursand bo‘lgan xalq boshqa mavzelarga boradigan yo‘lni obodonlashtirish maqsadida katta hashar uyushtiradi. Choyxona, savdo shoxobchalari va turli hunarmandchilik do‘konlari quriladi. Shundan kelib chiqib, mahalla Qozirobod nomini olgan.

Bugungi kunda hudud tinchlik-osoyishtaligi va farovonligini ta’minlashda profilaktika katta inspektori, mayor Qo‘chqor Abdurahmonov, profilaktika inspektori, katta leytenant Doston Tulashov, faollar hamda «mahalla yettiligi» MFY raisi Abdusamat Mutalov atrofida jam bo‘lib, hamjihatlikda sa’y-harakatlar olib borishmoqda. 

– Hududda 445 ta hovli turarjoy va 24 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Ularda istiqomat qilayotgan aholi soni 6400 nafardan ortiq. Keksalarimiz bizning piri badavlatlarimiz, ularni asrab-avaylashimiz lozim. Mahallamizda 70 dan oshib 90 yoshni qoralagan 200 nafardan oshiq, 100 bilan yuzlashayotgan 2 nafar duogo‘yimiz bor, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdusamat Mutalov. 

Bizning yana bir bebaho boyligimiz 108 yoshni qarshilagan Xosiyatxon hoji aya Begmatova bugun mahalla e’zozida. Mahalla raisi, faollar va profilaktika inspektorlari yoshi ulug‘ onaxonning holidan doim xabardor, duolarini olib turishadi. 

Onaxon boshidan ko‘p qiyinchiliklarni o‘tkazgan. Yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Katta Farg‘ona kanali qurilishida qatnashgan 160 ming nafarga yaqin hasharchilar orasida u ham oilasi bilan ishtirok etib, yurtimiz o‘tmishida bo‘lgan voqealarning tirik guvohiga aylangan.

– O‘sha paytlar hozirgidek texnika va transport yo‘q edi, – deydi Xosiyatxon aya. – Hasharchilar o‘zlarining kundalik ish qurollari – ketmon, belkurak va zambillardan foydalanardi. Undan keyin mash’um urush boshlandi. Ko‘plab yaqinlarimiz va yurtdoshlarimizdan judo bo‘ldik. Hozirgi tinchlik, farovonlik va obodlik qadriga yetib, shukronalik bilan yashash kerak. 

Onaxon so‘zining yakunida yurtimiz tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning yanada ravnaq topishini tilab duoga qo‘l ochdi. 

Mahalla ahli tinch-totuv, hamjihatlikda hayot kechirmoqda.  Hudud bir necha yil oldin «qizil» toifada edi, hozirda «yashil» toifaga o‘tgan. Bunday ijobiy natijalarga erishishga doim xalq bilan birga, ularning dard-u tashvishi bilan yashayotgan MFY raisi, profilaktika inspektorlari, faollar va aholining birdamligi hamda keksa otaxon-u onaxonlarning o‘gitlari-yu duolari omil bo‘lgan, desak, aslo mubolag‘a emas.


Sarvar SOBIROV,

o‘z muxbirimiz.

Toshkent shahri


© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech