O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan «Yil ayoli» va «Gender tenglik faoli» milliy tanlovining hududiy bosqichlarida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yaxshilanishiga, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga munosib hissa qo‘shgan faol xodimalar zafar quchishdi.
Quvonarli jihati, Toshkent shahar IIBB HPB boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Shirin Normatova ham «Yil ayoli» milliy tanlovida «Yilning eng vatanparvar ayoli» nominatsiyasining Toshkent shahar bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
– Poytaxt hududida xotin-qizlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni ijtimoiy himoya qilish, muammolarini hal etish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi, – deydi podpolkovnik Shirin Normatova. – Jumladan, poytaxt hududida yashovchi xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish hamda qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan «Men kuchli ayolman!» loyihamiz qo‘llab-quvvatlanib, bu boradagi tadbirlar izchil o‘tkazib kelinmoqda va o‘z samarasini bermoqda. Bu kabi xayrli ishlarni kelgusida ham davom ettirib, xotin-qizlarga eng yaqin ko‘makchi bo‘lish, ularning dard-u tashvishi bilan yashash va ishlashni o‘zimizning oliy vazifamiz, deb bilamiz.