Podpolkovnik Zafar Shermuhamedov 24 yildan buyon ekspert-kriminalistika yo‘nalishida faoliyat yuritib keladi. Hozirda Yakkasaroy tumani IIOFMB EKB katta eksperti sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joyiga chiqqan har bir ekspert-kriminalistdan sinchkovlik va ziyraklik talab etiladi. Bu jihatlarni yaxshi o‘zlashtirgan, ustozlaridan kasb sirlarini mukammal o‘rgangan lavhamiz qahramoni xizmat yillari davomida ko‘plab jinoyatlarning «issiq izida» ochilishida ishtirok etdi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida u tergov-tezkor guruhi tarkibida 30dan ortiq voqea joyini ko‘zdan kechirishda qatnashib, 64 ta ashyoviy dalil tadqiqotini o‘tkazdi. Shuningdek, voqea joylaridan olingan izlar, daktokartalar, guvohlar, jabrlanuvchilar va boshqalar so‘zidan tuzilgan fotorobotlar, shaxsi noma’lum murdalar, yashash joyi noaniq bo‘lgan shaxslarning fotosuratlarini o‘z vaqtida «ADIS-SONDA», «DOSYE» tizimlariga kiritib bormoqda. «Popillon» raqamli texnologiyasi dasturiy tizimiga 1180 ta qo‘l va kaft izlari tushirilgan daktokartalarni kiritgan. Qo‘l barmoq izlari orqali 3 ta va «Polifase» dasturiy tizimi orqali 2 ta jinoyatni ochishda qatnashgan.
Ekspert-kriminalist va tergovchining ishi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Tuman IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Erkin Ziyobekov faoliyati davomida bir necha bor podpolkovnik Zafar Shermuhamedov bilan hamkorlikda tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joyiga chiqqan. U yil boshidan buyon jami 18 ta jinoyat ishini yurituvga olgan bo‘lsa, shundan 7 tasini sudga oshirdi.
Ota hayotda farzandi uchun tog‘dek tayanch. O‘g‘lining tetapoya bo‘lishida va jamiyatda o‘z o‘rnini topishida yo‘lchi yulduzdir. Erkinning padari buzrukvori – Nurlan Bikbaum ichki ishlar organi xodimi sifatida o‘g‘liga ham ota, ham ustozlik qilgan. U IIV Malaka oshirish instituti kurs boshlig‘i. Qahramonimiz dastlabki yo‘l-yo‘riq va ko‘nikmalarni otasidan olgan bo‘lsa, keyin IIV Akademiyasida olgan ta’limi, qolaversa, ustozlari hamda hamkasblaridan o‘rgangan bilimlarini qo‘llab, tergov va surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Tergov va ekspert-kriminalist tandemi ko‘pgina murakkab jinoyatlarni ochishda qo‘l keladi. Bu ikki xodimning hamkorlikdagi xizmati natijalari ham yomon bo‘layotgani yo‘q. Ular hudud tinchlik-osoyishtaligi uchun o‘z hissasini qo‘shishyapti.