IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyida ko‘p yillik tajribaga ega o‘qituvchi va ichki ishlar organlari xodimlari o‘quvchilarga ta’lim berib kelishmoqda. Ayniqsa, tarix, huquqshunoslik hamda ingliz tili fanlari yanada chuqurlashtirib o‘rgatilishi natijasida, eng avvalo, ichki ishlar organlari xodimlarini, qolaversa boshqa sohaning yetuk mutaxassislarining yetishib chiqishida ushbu ta’lim dargohining alohida o‘rni bor.
Milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan ingliz tili fani o‘qituvchisi Nargiza Mirzabekova ta’lim muassasasining tajribali va jonkuyar o‘qituvchilaridan biri. U o‘quvchilar fanni chuqur o‘zlashtirishi uchun zamonaviy uslublardan keng foydalanadi. Xususan, chet ellik mutaxassislarni litseyga taklif etib, «Traning» va «Speaking club» tashkil qilish orqali dars o‘tish amaliyotini joriy etgan. Bu esa o‘quvchilarning fanni yaxshi o‘zlashtirishiga zamin bo‘lmoqda.
Jumladan, Afrikaning Gana davlatidan tashrif buyurgan, hozirgi kunda Shayhontoxur tumani 262-maktabda ingliz tilidan dars berib kelayotgan Isaak Appiah haftaning har shanba kunlari o‘quvchilar bilan ingliz tilida suhbatlar olib boradi. Shuningdek, «University of West Florida»ni bitirib, AQSHning turizm industriyasida faoliyat yuritgan, xalqaro «L’oreal» kompaniyasida proffessional iqtisodchi sifatida ishlagan, hozirda «English Friends Education» o‘quv markazi o‘qituvchisi Ravshan Haydarov ham o‘quvchilar bilimini oshirishga o‘z hissasini qo‘shgan.
– Ustozim juda talabchan, ingliz tilini chuqur o‘rganib olishimiz uchun bor imkoniyatini ayamaydi, – deydi N.Mirzabekovaning eng bilimdon shogirdlaridan biri Shahzoda Sharifulina.
– U izlanuvchan, dunyoda ro‘y berayotgan har bir innovatsion yangilikdan xabardor bo‘lib, uni bizga ham yetkazib turadi. Bundan tashqari, litseyning turli tashkiliy ishlarida ham faol bo‘lganligi bois Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlangan. Men mana shunday fidoyi murabbiy qo‘lida tahsil olayotganimdan mamnunman.