4 Mart 2024 Yil 0

Хоdimning zakosi

Yaqinda o‘tkazilgan «Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida «Eng faol probatsiya xizmati inspektori» nominatsiyasida Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB Probatsiya bo‘limi inspektori, kapitan Sherzod Qurbonov g‘olib bo‘ldi. U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil olgan. 2016-yilda ichki ishlar organlaridagi faoliyatini boshlagan Sherzodga ikki yildan so‘ng probatsiya bo‘limida xizmatni davom ettirish taklifi berildi. Bu bejiz emas edi. 

Zero, pedagogika universiteti bitiruvchilari asosan yosh avlodga ta’lim beradigan pedagoglardir. Shuning uchun ham ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar bilan ishlashda Sherzodning kasbi qo‘l kelishini bilgan rahbarlar unga ushbu vazifani ishonib topshirishdi. Muddatidan ilgari shartli ozod qilingan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirishda ham ushbu xodimning zakosi alohida o‘rin tutdi. 

Kapitan Sh. Qurbonov o‘tgan yil davomida o‘ziga biriktirilgan nazorat ostidagilar bilan tegishli tarzda samarali chora-tadbirlar olib bordi. Xususan, hamkasblari hamda tegishli idora vakillari bilan hamkorlikda nazorat ostidagi 27 nafar fuqaroga pasport olishda, 102 nafarini ishga joylashtirishda, 6 nafarini qayta kasbga o‘qitishda, 12 nafariga moddiy yordam berili­shida amaliy ko‘mak ko‘rsatdi. 

Shuningdek, 5 marotaba sayyor sud, 4 marotaba vazirlik hamda Toshkent shahar IIBB, tuman IIOFMB rahbariyatining sayyor qabullarida qatnashib, jazo muddatini o‘tash davomida tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan 60 nafar mahkumni muddatidan ilgari shartli ozod qilishda ishtirok etgan. Aksincha, sud tomonidan tayinlangan taqiq va cheklovlarga amal qilmasdan, jazodan bo‘yin tovlab yurgan 33 nafar mahkumning jazosini og‘irroq turiga almashtirib, jazoni ijro etish muassasalariga yuborgan. Natijada o‘tgan yilda nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holati ro‘y bermadi.

Sarvar SOBIROV,

o‘z muxbirimiz.

Toshkent shahri.

© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech