15 Yanvar 2024 Yil 120

Fuqarolar faol bo‘lsa...

Bektemir tumani IIOFMB 2-IIB hududiga to‘rtta – «Iqbol», «Chashma», «Abay» va «Gulbog‘» mahallalari kiradi.  Aholi soni 11 ming nafardan oshiq. Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamda hududda istiqomat qiluvchi faollar va fuqarolar hamjihatligi natijasida uchta mahalla hududida jinoyatchilik kamayishiga erishilib, «yashil» toifaga kiritilgan. Birgina «Abay» mahallasi «sariq» toifada. Hozirda ushbu hududni ham «yashil» toifaga o‘tkazish yo‘lida sa’y-harakatlar olib borilmoqda. 

Fikrimizni «Chashma» mahallasi misolida davom ettiradigan bo‘lsak, bu yerda xizmat olib boruvchi profilaktika inspektorlari – kapitanlar Bahrom Chinibayev va Ilhomjon Nig‘matovga fuqarolar xuddi o‘z tug‘ishganidek munosabatda bo‘lishadi. Muammolar yoki yechilishi lozim bo‘lgan masalalar bamaslahat hal etiladi. 

Ma’lumki, ko‘pincha qidiruvdagi shaxslar haqida ma’lumot­ga ega bo‘lgan fuqarolardan «102» raqamiga xabar berishlari so‘raladi. Shu bilan bir qatorda, bunday vaziyatlarda ichki ishlar organlari xodimlari har doimgidan-da sergaklik bilan xizmat olib borishadi. 

Yaqinda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilingan qidiruvdagi shaxs ana shunday hamkorlik natijasida qo‘lga olindi. Bunga 2-IIB boshlig‘i, mayor Nurjigit Abdukarimov ham o‘z hissasini qo‘shdi.  

Nurjigit Abdukarimov o‘zi yashaydigan mahalla, unga tutash hududlarning telegram kanallarida telefon raqamini qoldirib, qidiruvdagi shaxs haqida ma’lumot berishlarini so‘ragan edi. Bu sa’y-harakat natijasini ko‘rsatdi. Mahallaga tutash hududda yashovchi fuqarolardan biri N.Abdukarimovga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zi ishlaydigan issiqxonaga ish so‘rab kelgan kimsa qidiruvdagi shaxsga o‘xshab ketishini aytadi. Osoyishtalik posboni zudlik bilan profilaktika inspektorlari – kapitanlar B.Chini­bayev va I. Nig‘matov bilan birgalikda aytilgan manzilga yo‘l oladi.  

Ular yetib borishganida, gumon qilingan shaxs issiqxona ichida ikki kishi bilan ishlayotgan ekan. Tabiiyki, xodimlarni ko‘rgan gumon qilinuvchi qochishga harakat qilib, faol qarshilik ko‘rsatdi. Osoyishtalik posbonlari esa unga hech qanday imkoniyat qoldirmay, gumonqilinuvchini qonun hukmiga topshirishdi.

– Bunda ichki ishlar organlari xodimlariga yaqindan yordam bergan faol fuqarolarning alohida o‘rni bor, – deydi hozirda tuman IIOFMB tezkor-qidiruv xizmatida faoliyatini davom ettirayotgan mayor 

N. Abdukarimov. 

Zero, loqayd bo‘lmagan insonlarning sergakligi va ziyrakligi barchaga ibrat namunasidir.


Sarvar SOBIROV,

o‘z muxbirimiz.

Toshkent shahri.


© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech