Yashnobod tumani 3-sektor hududida 76 ming nafardan ortiq aholi yashaydi. Shundan 38 ming nafardan oshig‘i xotin-qizlar, 15 ming nafarga yaqini yoshlardan iborat. Joriy yil may oyida Toshkent shahar IIBB rahbariyati va tuman 3-sektor rahbari, IIOFMB boshlig‘i, podpolkovnik Oybek Kaimxo‘jaev tomonidan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Bir qator yoshlarning murojaatlari tinglanib, muammolari o‘rganildi va ularning yechimiga ko‘mak berildi. Misol uchun, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi A.Bobomurodova fuqarolik pasportini yo‘qotgan ekan, yangisini olishga esa imkoniyati yo‘q. Sektor rahbari tomonidan unga yangi ID-karta topshirildi. Shuningdek, 4 nafar yosh subsidiya olishi uchun «Yoshlar daftari»ga kiritildi.
Bundan tashqari, «Barkamol» mahallasida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan oliy ta'lim muassasasiga shartnoma asosida o‘qishga kirgan Malika Xalenovaning bir yillik o‘quv yili uchun 50 foiz kontrakt puli to‘lab berildi. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar, podpolkovniklar Diyora Omonova va Muqaddas Avazova, katta leytenant Muxlisa Burxonova hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, kapitan Al'bina Axmedovalar nafaqat 3-sektor, balki tuman miqyosida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelishmoqda.
Xususan, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mutasaddilar bilan birgalikda xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta'minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni to‘g‘ri yo‘naltirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, sog‘lom turmush tarzini ta'minlash, turarjoyga muhtojlarni uy-joy bilan ta'minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish kabi xayrli ishlar tegishli idora vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Yaqinda 3-sektor rahbari hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi xodimlari tomonidan «Xosiyatli» mahallasida yashovchi, «Ayollar daftari»ga kiritilgan
M. Sultonovaga davolanishi uchun «Chinobod» sanatoriysiga bepul yo‘llanma berildi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlar odamlarning dardu tashvishlarini yengillatish, ularning farovon hayot kechirishiga qaratilgan. Inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta'minlash maqsadidagi keng ko‘lamli islohotlar yangi pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Yashnobod tumani 3-sektor misolida ko‘rganimizdek, xayrli ishlar bardavom bo‘lishi beishtibohdir.
Sarvar SOBIROV,
© POSTDA – На посту