Sergeli tumani IIOFMBning umidli yosh xodimlari hudud tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashda o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Ular ustozlari va hamkasblaridan bilmaganlarini o‘rganib, tajribalarini orttirib borishmoqda.
Tuman maktablarida yakunlangan o‘quv yili davomida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayri ijtimoiy xatti-harakatlarga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ular o‘rtasida turli ko‘ngilsiz holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tuman IIOFMB HPB Voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi VEMB inspektor-psixologlari, leytenantlar G‘ayrat Yusupaliev va Lobarxon Saidovaning maktab ma'muriyati bilan hamkorlikda o‘tkazib kelgan tadbirlari o‘z samarasini berganini ham ta'kidlash lozim.
– Boshqarmada «xodimbay» ishlash tizimi asosida shaxsiy tarkib o‘rtasida kasbiy madaniyat, xizmat intizomi kodeksiga so‘zsiz rioya etilishini ta'minlash, ularning ma'naviy-axloqiy, jismoniy, jangovar va sohaga oid bilimlarini rivojlantirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etishda Kadrlar bilan ta'minlash guruhi mutaxassis-instruktori, leytenant Rustamxon Hamdamov munosib hissasini qo‘shib kelmoqda, – deydi Kadrlar bilan ta'minlash guruhi katta inspektori, mayor Farhod Abdullaev. – Shuningdek u xodimlar bilan individual suhbatlar o‘tkazish jarayonida ularning ijtimoiy muammolarini, oilaviy va iqtisodiy ahvolini o‘rganishda guruh xodimlariga ko‘makdosh bo‘lmoqda.
Leytenant Rustamxon Hamdamov sportga oshno xodimlardan biri. U ko‘p yillardan buyon kikboksing bilan shug‘ullanib keladi. U ayni vaqtda kikboksing va muay-tay bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda tuman IIOFMB, qolaversa, butun ichki ishlar organlari sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Bunga qadar qator musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan sportchi xodim 2019-yili kikboksing bo‘yicha Osiyo chempionati kumush medaliga sazovor bo‘ldi. O‘sha yili Toshkent shahar hamda Qashqadaryo viloyati ochiq chempionatlarida g‘alaba qozondi, «Best of the best Uzbekistan» chempionlik kamari sohibiga aylandi. 2021 yili esa nufuzli xalqaro turnirda barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal' bilan taqdirlandi.
Kikboksing bo‘yicha sport ustasi, leytenant Rustamxon Hamdamov kelgusi xalqaro musobaqalarda ham munosib qatnashib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish niyatida.