25 Aprel 2023 Yil 468

Soha fidoyilari: har bir holat e'tiborda

Mayor Farrux Ikramov Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB Tashkiliy bo‘limida katta inspektor lavozimida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi – boshqarmaning «qaynoq nuqtasi» bo‘lgan navbatchilik qismi faoliyatini nazorat qilish, shuningdek, xodimlarning xizmat vazifalarini belgilash, hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqishi hamda sodir etilgan jinoyatlarning «issiq izida» ochilishini tashkillashtirish.

– Xodimlarimiz kechayu kunduz kelib tushayotgan har bir xabarni eng kichik tafsilotigacha navbatchilik qismida yuritiladigan daftarga qayd etib boradi, – deydi mayor Farrux Ikramov. – Hatto kimdir telefon qilib, biror so‘z ayta olmay aloqa uzilsa-da, ushbu xabar Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismidagi maxsus texnikalar yordamida obdan o‘rganib chiqiladi.

Joriy yilning boshidan buyon Navbatchilik qismida ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni 360 dan ortiqni tashkil etdi. Tergov-tezkor guruhi 170 marotabadan ko‘p hodisa joyiga chiqarilgan.

Xususan, joriy yilning 14 fevral' kuni taxminan soat 00:20 larda Navbatchilik qismiga tashvishli xabar tushadi. Xabarda aytilishicha, tumanning «Amudaryo» ko‘chasi 4-uy oldida qarovsiz qoldirilgan «Neksiya-3» olib qochilgan. Navbatchilik qismi xodimlari tomonidan tezda «To‘sib ushlash» tadbiri e'lon qilinadi. Tuman miqyosida ushbu avtoulovni topish choralari ko‘riladi. Buni qarangki, mashinani olib qochgan fuqaro Z. M. uni Ahmad Yugnakiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy oldida qoldirib, o‘zi yashirinib olgan ekan. Qoldirib ketilgan transport vositasi tuman IIOFMB JTSB PPX otryadi xodimi sa'y-harakati bilan topiladi va tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi, uzoqqa qochib ulgurmagan Z.M. esa qo‘lga olinadi.
Shuningdek, joriy yilning 24 fevral' kuni taxminan soat 13:39larda Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, «Yalang‘och» mavzesi «Ne'mat» ko‘chasi 111-uy oldida turgan, 1994 yilda tavallud topgan Sh.B.ning yoniga 5 nafar noma'lum shaxs kelib, uni urib, tan jarohati yetkazib, 1 million 300 ming so‘m pulini egallab, voqea joyidan qochib qolishadi.

Voqea joyiga chiqqan tergov-tezkor guruhi holatni o‘rganadi. Shundan so‘ng olib borilgan tezkor harakatlar natijasida beshala gumon qilinuvchi ham qo‘lga olinadi.

Mayor Farrux Ikramov ichki ishlar organlaridagi ilk xizmat faoliyatini profilaktika inspektorligidan boshlagan. Qariyb to‘rt yildan so‘ng tuman IIOFMB Navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi lavozimida xizmat qilib, «qaynoq nuqta»ning sir-asrorlarini o‘rganadi. Orada bir muddat yana profilaktika inspektori bo‘lib faoliyat yuritgan osoyishtalik posboniga 2022 yildan e'tiboran tashkiliy bo‘lim katta inspektorligi lavozimi ishonib topshiriladi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, tuman miqyosida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning «issiq izida» ochilishida mayor Farrux Ikramovning ham hissasi bor, albatta.

Sarvar SOBIROV,
© POSTDA

Barcha yangiliklar

Text to speech