11 May 2023 Yil 544

Sinovli va siylovli yo‘l

– Ba'zan uzoq o‘yga tolib, sinovli va siylovli umr sohibasi ekanligimni ich-ichimdan his etaman, – deydi Transport va turizm ob'ektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti xodimasi, safdor Shohida Jarimbetova. – Taqdirning sinovi shuki, men ko‘ngil qo‘ygan mard va jasur inson bilan atigi olti oy turmush kechirdim. Siylovlisi, ana shu qisqa, ammo baxtga limmo-lim oilamdan, turmush o‘rtog‘imdan, ko‘zimning oqu qorasi, quvonchim, umidim – o‘g‘lim Yodgor bor. U hozirda IIV Akademiyasi 2-bosqich kursanti.

Farzandimning fe'l-­atvoridagi dadillik, otasiga ikki tomchi suvdek o‘xshash qosh-ko‘zlari, barvas­ta bo‘y-bastiga boqib, hayot mendan bir Vatan posbonini tortib olib, ikkinchi mard o‘g‘lon bilan bag‘rimni to‘ldirganiga amin bo‘laman va shukr qilaman. O‘g‘limning beg‘ubor kulgulari, yoqimli hazillari, mehribonligi va samimiyatida otasining insoniy fazilatlarini ko‘raman.

... 2002 yil 4 mart, yarim tun. Kira qilayotgan haydovchining mashinasiga ikki yo‘lovchi chiqadi. Ular manzilga yetib borganda, xizmat haqini berish o‘rniga, haydovchiga pichoq o‘qtalib, uni jarohatlaydi va pul, qimmatbaho buyumlarini olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. O‘ziga kelgan haydovchi yaqin oradagi yo‘l harakati xavfsizligi maskaniga borib, xizmat vazifasini o‘tayotgan xodimlardan yordam so‘raydi.

Toshkent shahar IIBB YPX inspektor-kinologi, katta serjant Qidirbek Nishonov va voqeadan to‘liq xabar topgan bir guruh xodimlar xizmat iti yordamida jinoyatchilarni izlashga kirishishadi. Ko‘p o‘tmay jinoyatchilar yashiringan joy aniqlanadi. Ilojsiz qolgan jinoyatchilar pichoq bilan osoyishtalik posbonlariga tashlanadi. Qisqa olishuvdan so‘ng ular qo‘lga olinadi. Biroq Qidirbek ko‘krak qafasidan olgan og‘ir jarohati tufayli voqea joyida vafot etadi.

Keyinchalik qahramonimizning ukasi Bahrom Nishonov, ayoli Shohida Jarimbetova shu sharafli yo‘l davomchilariga aylanadi. Uning o‘g‘li Yodgor Nishonov ham bugun IIV Akademiya­sining tezkor qidiruv yo‘nalishida tahsil olayotgan zukko yoshlardan biri. Ta'lim dargohi bayroqdor guruhi a'zosi.

– Men uchun o‘sha vaqtlar nihoyatda og‘ir bo‘lgan, – deydi Shohida Jarimbetova. – Ammo har daqiqada qaynonam Anorgul ayaning dardi menikidan kam emasligini his etib turardim. O‘g‘lim otasi vafot etganidan to‘rt oy o‘tib dunyoga kelgan. Yodgor bizning yagona yupanchimizga aylangan. Xizmatga kirishni taklif qilishganda ham, eng birinchi qo‘llab-quvvatlagan qaynonam bo‘lgan. Qo‘limda yosh bolam bor, desam, ular hamisha yoningdaman, deya menga ko‘maklashgan.Turmush o‘rtog‘imning hamkasblari ham doim yordamlashgan. Ichki ishlar organlarida xizmat boshlaganimga ham o‘n olti yil bo‘libdi. Shu yillar ichida turmush o‘rtog‘im sha'ni, uning xizmat burchiga sadoqatini tuyganim holda, ustimdagi libosga dog‘ tushirmaslikka, menga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilib kelyapman. Sohaning o‘ziga yarasha mashaqqati va sharafini fidoyilikda ko‘raman. O‘g‘limga ham shu fazilat yuqishini juda xohlayman.

El-yurt osoyishtaligini ta'minlashdek sharafli xizmatiga sodiq qolib, qurollangan jinoyatchilarni qo‘lga olish vaqtida ko‘rsatgan mardligi va jasorati uchun katta serjant Qidirbek Nishonov vafotidan so‘ng Prezidentimiz farmoniga binoan, «Jasorat» medali bilan taqdirlangan. U ta'lim olgan Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi maktabga fidoyi xodimning xotirasini abadiylashtirish maqsadida yodgorlik o‘rnatilgan.

Qidirbek Nishonov o‘zi mehr qo‘ygan kasbga sadoqatini isbotlab, bu dunyoni tark etgan bo‘lsa-da, uning jonkuyarligi, jasorati yurtimizda otgan har tongni beminnat nurlari bilan siylab, munavvar etgan saxovatli quyosh misoli qalbimizni haroratlantirib turaveradi. Yodgorbekdek zurriyoti, davomchisi timsolida esa hayotimizda yaxshiliklar, ezguliklar himoya­chisi bo‘lib ko‘z ochaveradi.

Gulnoza TURG‘UNBOEVA,
© POSTDA – Na postu

Barcha yangiliklar

Text to speech