Poytaxtning Yangihayot tumani IIOFMB Navbatchilik qismiga tushgan xabarga ko‘ra, «Navqiron» MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Z. J. tungi 22:30 da uyining eshigini begona shaxs baqir-chaqir bilan taqillatib, qo‘ni-qo‘shnilarning tinchini buzayotgani yuzasidan shikoyat qilgan.
Shu kuni tungi xizmatga jalb etilgan profilaktika inspektori, leytenant T. Mahkamov ushbu murojaat bo‘yicha hodisa joyiga chiqib, holatni o‘rganadi. U birlamchi hujjatlarni tayyorlab, navbatchilik qismiga topshiradi. Mazkur hujjatlar asosida o‘ziga biriktirilgan hudud bo‘yicha 3-sonli IIB HPB profilaktika inspektori, katta leytenant Qiyomiddin Xudoyberdiyev qo‘shimcha surishtiruv o‘tkazish uchun murojaatchining xonadoniga borib, holatni batafsil o‘rganadi.
Shu kuni barchaning tinchini buzgan, 1970-yilda tug‘ilgan Z.J.ning muqaddam jinoiy va bir necha bor ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlanganligi ma’lum bo‘ldi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183 va 194-moddasi 2-qismiga binoan hujjat rasmiylashtiriladi.
To‘plangan hujjatlar ijro uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudiga yuborilayotgan vaqtda, Z. J. ularni harakatdan to‘xtatish va ma’muriy javobgarlikka tortilmaslik uchun katta leytenant Q. Xudoyberdiyevga 200 AQSH dollari miqdorida pora taklif etadi.
Xodim bu xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi, buning huquqiy oqibati og‘ir bo‘lishini tushuntirishga qaramasdan, Z. J. niyatidan qaytmaydi. Shundan so‘ng ahdiga sodiq qolgan inspektor rahbariyatga bildirgi orqali murojaat qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Z. J. katta leytenant Q. Xudoyberdiyevga pora tariqasida 200 AQSH dollarini berayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olinadi va to‘plangan hujjatlar Yangihayot tumani prokuraturasiga topshirildi.