Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 3-batalyoni 4-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori, leytenant Nodirbek Abduvohidov va YPX inspektori, serjant Sherzod Anvarovlarning hushyorligi sababli oilasi bag‘riga qaytdi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumani Beruniy – Samarqand darvoza ko‘chalari kesishgan chorrahadagi piyodalar o‘tish joyidan ko‘plab fuqarolar yo‘lning narigi tomoniga o‘tishadi. Ammo shunga yaqin joydan, ya’ni yo‘l qatnov qismining belgilanmagan joyini kesib o‘tayotgan fuqarolar ham talaygina. Shu sabab Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 3-batalyoni 4-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori, leytenant Nodirbek Abduvohidov va YPX inspektori, serjant Sherzod Anvarov bunday qoidabuzar fuqarolar bilan profilaktik tadbir olib borayotgan edi.
Shu payt xodimlar piyodalar yo‘lkasida chamasi 2–3 yoshlardagi qizaloqning yig‘lab turganini ko‘rib qolishadi. Uning atrofida katta kishilar yo‘q. Demak, u yolg‘iz, adashib qolgan bo‘lishi mumkin. Osoyishtalik posbonlari darhol qizchaning oldiga borib, uni savolga tutishdi. Ammo qizcha gapira olmasdi, buning ustiga, sarosimaga tushgan edi. Xodimlardan biri uni qo‘liga olib ovutdi, suv, ul-bul yegulik berdi. Ikkinchisi ratsiya orqali bola topib olingani to‘g‘risida xabar berdi.
Biroz vaqt o‘tib, Shayxontohur tumani IIOFMB Navbatchilik qismidan bolasini yo‘qotib qo‘ygan ota-ona murojaat qilib kelganligi to‘g‘risida xabar keldi. Biroq ularning bergan ko‘rsatmasi bo‘yicha bu qizaloq ularning farzandi emasligi ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa, oradan 2–3 soatcha vaqt o‘tdi. Endi tuman IIOFMB 2-IIBdan bir ona bolasini yo‘qotib qo‘yganligi to‘g‘risida xabar tushdi. Shundan so‘ng xodimlar tezda shu tomon yo‘l olishdi. Borishsa, haqiqatan ham, bolaning onasi shu yerda ekan. U dilbandini bag‘riga bosib yig‘lab yubordi.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, ayol onasi, buvisi, xolalari bilan Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahridan mehmon bo‘lib kelishgan ekan. «Chorsu» bozoriga aylanish uchun piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganda odam ko‘pligi sabab, buvisining qo‘lidan chiqib ketgan qizaloq yo‘qolib qolgan va bir o‘zi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan...
Farzandini eson-omon ko‘rgan onaning quvonchi cheksiz. Bee’tiborligi tufayli nabirasini qo‘lidan chiqarib yuborgan buvi esa osoyishtalik posbonlarining haqqiga duo qilib, ularga qayta-qayta o‘z minnatdorligini bildirdi.
Sarvar SOBIROV,
© POSTDA – На посту